Doniyor Abdumannopov: "Shunday gol urish nasib qilgani uchun Xudoga shukr aytaman"
Xabaringiz bor, “Andijon” chempionatning 4-turida “Bobur arena”da “Mash’al”ni qabul qildi va 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘yinda zahiradan maydonga tushirilgan Doniyor Abdumannopov ham jamoadoshlari qatori o‘ziga bildirilgan ishonchni oqladi va faol harakatlari bilan muxlislarning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
U o‘z driblingini namoyish qilgan holda jamoaning ikkinchi goliga mualliflik qildi va futbolchi joriy yilgi mavsumda o‘z hisobiga dastlabki golni yozdirib qo‘ydi.
“Andijon” matbuot xizmati Abdumannopov bilan ushbu uchrashuv borasida biroz suhbatlashdi.
- G‘alaba bilan tabriklayman. O‘yindan olgan taassurotlaringiz qanday bo‘ldi?
- Assalomu alaykum, rahmat. Men ham barchani g‘alaba bilan tabriklayman. Taassurotlar bo‘lmadi, faqat bu o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik.
- Zahiradan maydonga tushayotganingizda murabbiyning ko‘rsatmasi qanday bo‘ldi va gol urishingizni aniq bilgandimdingiz?
- Murabbiy ko‘proq oldinga borishimni, raqib bilan birga-bir qolganda aldab o‘tishimni aytdi. Peshonaga yozilgan ekan, Xudoga shukr gol urdim.
- Golingiz ajoyib chiqdi. Maydonning ikkinchi yarmidan to‘pni egalab bir o‘zingiz reyd amalga oshirdingiz va boshlagan hujumni gol bilan yakunladingiz. Bu hujum va gol haqida nimalar deya olasiz?
- Nima ham derdim, shunday gol urishni nasib qilgani uchun Xudoga shukr aytaman.
- Siz oddiy gol urishni bilmaysiz....
- Muxlislar baho bersa to‘g‘ri bo‘ladi.
- Raqib futbolchisini maydondan chetlatilishi va son jihatdan ustunlikka erishganimizdan keyin ham tabiiyki, vaziyatlar ko‘p bo‘ldi. Umuman, bu haqida fikringiz qanday?
- Albatta, raqib o‘yinchisi chetlatildi. Lekin “Mash’al” irodali jamoa sifatida o‘ynadi. Son jihatdan kamayish bo‘ldi, ammo o‘yin jihatidan sezilmadi. Oxirgi daqiqalarni hisobga olmaganda vaziyatlarimiz bo‘ldi, yetarlicha foydalana olmadik. Ko‘p mehnat va ko‘p izlanishimiz kerak. Shunda nimagadir erishamiz va bu borada mehnat qilishda davom etamiz.
Fikrlar