
Dunyoga mashhur «ESPN» kanali «Mash’al» futbolchisidan intervyu oldi
Quyida ushbu suhbatning tarjimasini havola etamiz:
Nigeriya terma jamoasi bosh murabbiyi Gernot Ror «superburgutlar» bilan 2016 yildan beri ishlab keladi. U terma jamoada nafaqat Evropa havosidan nafas olgan mashhur futbolchilar, balki milliy chempionatda to‘p suradigan o‘yinchilarga ham imkon berishga intiladi. U mahalliy iqtidorlarni faqat yig‘inlarga jalb qilibgina qolmay, ularga top jamoalardan terma jamoaga jalb qilingan futbolchilar bilan ochiq raqobatga kirishishlarini ta’minlaydi.
Biz mana shunday imkoniyatga ega bo‘lishga ulgurgan, «Akua Yunayted» jamoasining sobiq futbolchisi va hozirgi kunda O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan Ifeanyi Ifeanyi bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldik.
O‘zbekiston Superligasi vakili «Mash’al» sharafini himoya qilayotgan futbolchi terma jamoa murabbiyi haqida quyidagicha fikr bildirdi:
«Men haqiqiy teng kurashga ega bo‘lganman. Ror menga o‘zimni sinab ko‘rish uchun imkon berdi. U meni terma jamoadan ketkazmadi, mening o‘zim barchasini to‘g‘ri qabul qildim. Tayanch yarim himoyachisi ampluasida mendan tashqari 5 nafar futbolchi bor edi. Barchasi Evropada o‘ynaydi. Tabiiyki, men chetga chiqdim. U ketishimdan avval ham o‘yinim unga yoqqanini aytib o‘tdi. Men uni to‘g‘ri tushundim. Undan minnatdorman. Gernot menga terma jamoa safida shug‘ullanish zavqidan bahramand bo‘lish imkonini berdi».
Ifeanyining pozitsiyasidagi raqobatchilari Jon Obi Mikel, Uilfrid Ndidi, Etebo, Ogenyi Onazi va Jon Ogu edi. Ochig‘ini tan olganda, yuqoridagi futbolchilarni zahiraga o‘tkazib qo‘yish uchun Ifeanyi «Akua Yunayted» safida g‘ayrioddiy o‘yin ko‘rsatishi kerak edi.
«Men yig‘in davomida ko‘p narsani o‘rgandim. Futbolchi va inson sifatida o‘sishga erishdim. Men milliy chempionatda nimadir chiqara olmasligimni his qildim. Evropada to‘p suradigan yigitlarga qarshi, aynan o‘sha erda o‘ynab, kurashishga qaror qilgandim. Rorning ishlari tabiiy. U avvalo legionerlarga qo‘ng‘iroq qiladi. Bir gal men uning oldidaligimda «Paderborn»dan Jamilu Kollinsni chaqirdi. U bilan muammo chiqdi chog‘i, keyin milliy chempionatdan futbolchi jalb qildi.
Avvalroq, germaniyalik mutaxassisning o‘zi kanalimizga intervyu berib, futbolchilarni saralashda nimalarga e’tibor berishini aytib o‘tgandi:
«Futbolchilarni tanlashda men e’tibor beradigan eng birinchi va muhim jihat bu sifat masalasi. Doim legionerlar bilan o‘ynay olmaganingizdek, milliy chempionat vakillari bilan chegaralanib qolish ham yaramaydi. Balansni saqlay bilish muhim», - degan edi Gernot.
Ifeanyi O‘zbekiston Superligasi va Nigeriya Professional Ligasi (NPL) o‘rtasidagi tafovutlar haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tdi:
«Nigeriyada jamoaning mashg‘ulot zalida shug‘ullanayotganini ko‘rish qiyin. Ko‘p jamoalarda mashg‘ulot bazasi risoladagidek emas. O‘zbekistonda esa har bir pozitsiyada o‘ynovchi futbolchilar bilan ishlovchi maxsus murabbiylar bor. Kuniga uch mahal mashg‘ulot, kunlik dastur mavjud.
O‘zbekistonda futbol o‘ynash uchun ancha qulay sharoitlar yaratilgan. NPL bilan farq katta. Hattoki, foydalaniladigan to‘plar ham bu erda sifatli. Undan tashqari, deyarli barcha stadionlar tabiiy chim bilan qoplangan. Sifatli futbol muhitida o‘ynash sizning o‘yiningizga ham qo‘shimcha joziba beradi», - deydifutbolchi.
Biz Ifeanyiga O‘zbekistondagi faoliyatida omad tilab qolamiz.
«ESPN» kanalidan
Abdulvosid Valixonov tarjimasi
Fikrlar