Eldor Moyliev: "Hali imkoniyat yo‘qotilmagan"
Autsayder “Sho‘rtan” bu turda Qarshida voha derbisi doirasida “Nasaf” maydonida bellashdi. Kuchli bo‘lgan “Nasaf” 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdan so‘ng “Sho‘rtan” bosh murabbiy Eldor Moyliev matbuot anjumanida qatnashdi.
- O‘yinda reja bo‘yicha qarshi hujumdan foydalanmoqchi edik. Birinchi bo‘limda buni uddaladik, yaxshi himoyalandik. Qarshi hujumlardagi xavfli vaziyatlardan foydalana olmadik. Ikkinchi bo‘limda tayanch yarim himoyachilarimiz diqqat-e’tiborni yo‘qotishdi. Birinchi golni o‘tkazib yuborganimizdan keyin ikkinchisini xatoimiz tufayli o‘tkazib yubordik. O‘yinni o‘zgartirishga harakat qildik. 4-3-3 ga o‘tdik. “Nasaf” yaxshi himoyalanadi, himoyasini yorib o‘tish qiyin bo‘ldi. “Nasaf”ni haqli g‘alaba bilan tabriklayman
- Jasur Hakimov, Nuriddin Hasanov kabi tajribali o‘yinchilar bor. Lekin ularni kam maydonga tushiryapsiz...
- Ikkalasida ham jarohat bor edi. Endi tiklanishyapti. Jasur Hakimov individual shug‘ullanishga kirishdi. Hasanov ham jarohatidan endi chiqdi va bugundan foydalanishni boshladik. Ular asosiy futbolchilarimiz va keyingi o‘yinlardan ulardan albatta foydalanamiz.
- Anvar Berdiev ketganidan keyin jamoani qaysi pozitsiyalarini o‘zgartirdingiz?
- Yarim himoyachilar va hujumchilarni taklif qildik. Bir-ikkita legioner olmoqchi edik, o‘xshamadi. Biz ko‘zlagan futbolchilarni ololmadik. Yoshlarni va boshqa jamoalarda o‘yin amaliyoti kam bo‘lgan o‘yinchilarni olishga majbur bo‘ldik.
- Berdiev ketgach, jamoaning o‘yini va natijasi yaxshilanayotgandek edi. Biroq ikkinchi davrada “Sho‘rtan” yana pastga qarab ketyapti...
- Ikkinchi davraga tayyorgarlikni ko‘p yangi o‘yinchilar bilan boshladik. Ularni bir-birini tushunib ketishiga ozgina vaqt kerak bo‘ladi. Uydagi uchrashuvlarni ham yaxshi o‘tkazyapmiz. Afsuski, qarshi hujumlarda gol o‘tkazib yubordik. Vaziyatlarimizdan foydalana olmadik. “Xorazm”, “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘yinlarimizdagi 6 ochkolik uchrashuvlarda yaxshi o‘ynay olmadik.
- “Sho‘rtan” 35 ta gol o‘tkazdi. Darvozabon yaxshi o‘ynamayaptimi yoki himoyada xatolar ko‘pmi?
- Darvozabon yoki himoyachi demayman. Hozirgi futbolda jamoaviy himoyalanish kerak. Oldindagi hujumchilarimiz yarim himoyachilarimiz himoyaga yordam bermasa qiyin. Butun jamoa himoyalanishi kerak. Qaerdadir darvozabonlarni xatolari bordir. Himoyachilarni ham xatosi bo‘ladi. Gollarni ko‘p o‘tkazib yuborayotganimizga hammamiz aybdormiz, murabbiylar shtabi ham, butun jamoa ham.
- “Sho‘rtan”ni Superligada qolish imkoniyati bormi- yo‘qmi?
- O‘ylaymanki, imkoniyat yo‘qotilmagan. Boshqa jamoalarga ochko olish oson bo‘lmaydi, bizga ham oson bo‘lmaydi. Superligada olib qolish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Hali imkoniyatlar yo‘qotilmagan.
Fikrlar