
Endi "Andijon" klubi yangi qarorgohga ega bo‘ladi
Ayni paytda O‘zbekiston Kubogi yarim final o‘yiniga tayyorgarlik ko‘rayotgan "Andijon" klubi tez orada o‘z bazasiga ega bo‘ladi.
“Andijon” futbol klubini yaqin yillar mobaynida har tomonlama rivojlantirish, brendini yanada oshirish uchun bir necha yillik ishlab chiqilgan aniq va puxta loyihalar mavjud va tasdiqdan o‘tgan. Jamoaning rivojlanish strategiyasida eng avvalo klubning zamonaviy bazasi barpo etilishi alohida belgilab qo‘yilgan. Bugun aynan shu masala bo‘yicha sizlarga ma’lumot berib o‘tmoqchimiz.
Yaqinda “Andijon” futbol klubi uchun Andijon viloyati, Buloqboshi tumanidagi so‘lim, bohavo joyda yangi baza qurish ishlari boshlab yuborilgan. Er maydoni salkam 4 gektarni tashkil qiladi. Barchasi FIFA va OFKning talablari asosida qurilmoqda. Ta’kidlash kerakki, barcha ishlar quruq er maydonidan boshlandi va hozirda jadallik bilan davom ettirilyapti.
Yangi bazada gibridli ikkita 65x105 o‘lchamdagi maydonni yaratish ishlari boshlab yuborilgan. Qolaversa, 80 kishiga mo‘ljallangan 4 qavatli yotoqxona qad rostlamoqda. Bundan tashqari, zamonaviy tibbiy punkti ham mavjud bo‘ladi. Tabiiyki, basseyn, fitnes zal ham ushbu baazada mujassamlashtiriladi. U erda barcha sharoitlar yaratiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Andijon” klubining yangi bazasi O‘zbekistondagi eng yaxshilaridan biriga aylanadi. Bu joy shundoqqina soy bo‘yida joylashgan bo‘lib, tabiati ham o‘zgacha. Rejaga ko‘ra, yangi futbol bazasi kelasi yilning mart oyiga foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan", deya ma’lum qilmoqda klub matbuot xizmati.
Fikrlar