Eron terma jamoasi "JCh-2026"ga maxsus nishonlar bilan yetib keldi
Eron milliy terma jamoasi futbolchilari Jahon chempionati uchun Meksikaga kelganida pidjaklariga "#168" yozuvli maxsus nishon taqib olgan holda ko‘rinish berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu raqam 28 fevral kuni Minab shahridagi boshlang‘ich maktabga qilingan hujum oqibatida halok bo‘lgan 168 nafar inson xotirasiga bag‘ishlangan. Qurbonlarning aksariyati bolalar bo‘lgan. Harbiy tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hujum uchun AQSh javobgar deb hisoblanmoqda.
The Athletic xabariga ko‘ra, jamoa Antaliyadan Tixuanaga yo‘l olgan vaqtda futbolchilarda bunday nishonlar bo‘lmagan. Biroq samolyot Ispaniyada qo‘nish va yonilg‘i quyish jarayonida ushbu nishonlar ko‘zga tashlangan.
FIFA qoidalariga muvofiq, futbolchilar va texnik hududdagi shaxslar sport liboslarida siyosiy, diniy yoki shaxsiy shiorlar hamda tasvirlardan foydalanishi mumkin emas. Ammo stadion tashqarisidagi bunday ishoralar bo‘yicha aniq taqiqalar mavjud emas.
Avvalroq Eron futbolchilari Nigeriyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvidan oldin davlat madhiyasi yangrayotgan vaqtda qo‘llarida maktab sumkalari bilan chiqqandi. Kosta-Rikaga qarshi bahs oldidan esa bombardimonlar oqibatida halok bo‘lganlar hamda vayron qilingan sport va madaniy ob’ektlar aks etgan suratlarni namoyish etgan.

Fikrlar