
Eski tanishlarning yangicha uchrashuvi. Levandovskisi yo‘q "Bavariya" Levandovskisi bor "Barselona"ga qarshi
Bugun Evropa Chempionalar ligasi 2-turi doirasidagi bellashuvlarga start berildi.
Tabiiyki, kunning eng markaziy uchrashuvi Myunxenda bo‘lib o‘tadi va unda "Bavariya" "Barselona"ni qabul qiladi. Bu o‘yindan istagancha intriga topish mumkin. Shu bois, kunning eng markaziy bellashuviga alohida to‘xtalishga qaror qildik.
Xavi uchun haqiqiy sinov endi boshlanmoqda. Boisi, murabbiy yozgi transfer oynasi paytida jamoani etarli darajada kuchaytirib oldi. Ular La Ligada ham, EChLda ham mavsumni yaxshi boshlashdi. Biroq klub hali nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatmadi. Klub ichki chempionatda "Valyadolid", Kadis", "Rayo Valekano" va "Real Sosedad" kabi o‘rtamiyona jamoalar ustidan g‘alaba qozongan. Endi esa ularni Evropaning eng nomdor jamoalaridan biri "Bavariya" kutib turibdi.
"Bavariya" ayni paytda kichik inqirozni boshdan kechirmoqda. Ha, nemis klubi EChLda mavsumni "Inter" ustidan qozonilgan g‘alaba bilan boshladi, biroq "Bavariya"ning Bundesligadagi ishlari yaxshi ketmayapti. Nagelsmann shogirdlari ketma-ket 3 turdan beri durang o‘ynamoqda. Bu esa myunxenlik muxlislarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Klub barcha e’tirozlarni yo‘qqa chiqarish maqsadida ham "Barsa"ga qarshi o‘yinda g‘alaba qozonishga har qachongidan ham ko‘proq harakat qiladi. Sadio Mane boshchiligidagi "Bavariya"ning "Barselona"ga qarshi o‘yinini kuzatish qiziq
Bu jamoalarning so‘nggi 5 uchrashuvida ham "nemis mashinasi"ning qo‘li baland kelgan. "Barsa" so‘nggi bor 2015 yilda "Bavariya"ni mag‘lub etgan edi. Shu bois, kataloniyaliklar qora an’anani yo‘qqa chiqarish uchun ham bor bugun g‘alaba qozonishi shart.
"Bavariya" - "Barselona" qarama-qarshiligiga o‘tgan mavsum ham guruh bosqichida duch kelgan va har ikki bellashuv ham nemislar foydasiga hal bo‘lgan. "Bavariya" Myunxenda ham, Kataloniyada ham bir-xil 3:0 hisobida raqibini mag‘lub etgan edi. Ammo yangi mavsum biz o‘zgacha o‘yin bo‘lishiga shubha yo‘q. Chunki o‘tgan yilgi "Barsa" va yangilangan "Barsa" o‘rtasida katta tafovut bor.
Ha, bu o‘yin Levandovski uchun ham o‘zgacha o‘yin. Buni klub ustozi Xavi ham ta’kidladi. Murabbiyning aytishicha, Robert ushbu bellashuvga ajoyib formada bo‘lish uchun La Liganing o‘tgan turdagi o‘yinda bellashuvni zaxiradan boshladi. Futbolchi sobiq klubiga qarshi o‘yinni intirzorlik bilan kutmoqda. Shuningdek, guruh bosqichiga qur’a tashlanganda "Bavariya" etakchisi Tomas Myuller polshalik forvardni Myunxenda kutayotganini aytib, uni bu erda ko‘rishidan "xursand" bo‘lishini aytdi. Levandovski o‘ziga sarflangan pullarni oqlashni boshlab yuborgan. Agarda bugungi o‘yinda ham o‘zini ko‘rsata olsa, futbolchi borasidagi hech qanday savollar qolmaydi.
Bizni super uchrashuv kutib turibdi.
"Bavariya" - "Barselona" | 00:00
"Allianz Arena"
Taxminiy tarkiblar
“Bavariya” (4-2-3-1): Noyer - Devis, Ernandes, De Ligt, Pavar - Zabittser, Kimmix - Sane, Myuller, Gnabri - Mane
O‘ynamaydi: Koman, Sarr (ikkisi ham jarohat olgan)
“Barselona” (4-3-3): Ter Shtegen - Belerin, Arauxo, Kunde, Alba - Kesse, De Yong, Pedri - Rafinya, Levandovski, Dembele
O‘ynamaydi: -
Jamshidbek Mahmudov
Fikrlar