Etti karra chempiondan Shomurodov transferga aniq taklif tushdi

  • 05.08.2026 08:18
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Turkiyaning «Istanbul Boshakshehir» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov yaqin vaqt ichida jamoasini almashtirishi mumkin. Bu haqida bir necha manbalar xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 31 yoshli forvardga Turkiyaning yetti karra chempioni «Trabzonspor» jiddiy qiziqish bildirgan. Klub o‘zbekistonlik futbolchi uchun aniq takliflarni ilgari sura boshladi. 

Trabzonliklar o‘zbek futbolchisini qo‘lga kiritish uchun jamoa  yarim himoyachi Batista Mendini transferga qo‘shmoqchi. Shuningdek, qo‘shimcha ravishda 5–7 million yevro miqdorida pul ham to‘lashga tayyor.

Shu bilan birga, «Boshakshehir» transferga boshqa futbolchilarni qo‘shish variantiga qiziqmayotgani qayd etilmoqda. Istanbul klubi Shomurodov uchun 15–20 million yevro atrofida mablag‘ ishlab olishni maqsad qilgan.

Kutilishicha, yaqin kunlarda ikki jamoa vakillari o‘zaro muzokara o‘tkazib, ehtimoliy transfer shartlarini muhokama qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2025/2026 yilgi mavsumda Shomurodov Turkiya chempionatida 34 ta o‘yin o‘tkazib, 22 ta gol urdi va 5 ta golli uzatma amalga oshirdi. Shu natijalar orqali u Superliganing eng yaxshi to‘purariga aylandi.

Eldor faoliyati davomida O‘zbekistonda «Mash’al» va «Bunyodkor» Rossiyada «Rostov», Italiyada «Jenoa», «Spetsiya», «Kalyari» va «Roma» klublari sharafini himoya qilgan. Tajribali forvard 2025 yilning yozidan «Istanbul Boshakshehir»da to‘p tepib kelmoqda.

Yozda Eldor Shomurodov O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida 2026 yilgi jahon chempionatida maydonga tushdi. Forvard Kongo Demokratik Respublikasi jamoasiga qarshi guruh bosqichidagi so‘nggi o‘yinda bitta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!