
"Evro-2020". Daniyani mag‘lub etgan Angliya o‘z tarixida ilk bor finalga chiqdi
Hozirgina “Evro-2020” yarim final bosqichidan o‘rin olgan Angliya hamda Daniya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin o‘z nihoyasiga etdi. Londondagi “Uembli” stadionida kechgan uchrashuvda mezbonlar 2:1 hisobida zafar quchishdi.
30-daqiqada Mikkel Damsgor jarima zarbasini ajoyib tarzda ijro etib, hisobni ochdi. Oradan 9 daqiqa o‘tib hisob tenglashdi. Bukayo Sakaning o‘ng qanotdan uzatgan to‘pidan so‘ng Simon Ker to‘pni kutilmaganda o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi.
Bellashuvning asosiy vaqtida g‘olib aniqlanmagach, qo‘shimcha bo‘limlarga murojaat etildi. Ekstra taymlarning birinchisida faollik ko‘rsatgan Rahim Sterling raqib jarima maydoni ichida yiqildi va hakam Daniya darvozasi tomon 11 metrli jarima zarbasi begliladi. Xarri Keynning penaltidan yo‘llagan zarbasini Kasper Shmeyxel qaytardi, qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib etib kelgan Keyn ikkinchi urinishda gol kiritib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.
Shu tariqa, “uch sherlar” o‘z tarixlarida ilk bor Evropa chempionati finaliga chiqishdi. Inglizlar hal qiluvchi o‘yinda Italiya terma jamoasiga qarshi bahs olib borishadi. Mazkur bellashuv 11 iyul kuni Londondagi “Uembli” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar