Yevropalik murabbiy mundialda uch o‘zbek futbolchisini alohida ajratib ko‘rsatdi

  • 02.07.2026 18:13
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Tojikistonning “Xo‘jand” klubi bosh murabbiyi sifatida ishlayotgan serbiyalik mutaxassis Milan Milanovich Eurasia Football nashriga bergan intervyusida O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026 yildagi jahon chempionatidagi ishtirokini baholadi.

Bu mutaxassis mintaqa futbolini yaxshi biladi. Tojikistonga kelgunga qadar Qozog‘iston chempionatida “Tobol” va “Irtish” jamoalarida faoliyat yuritgan.

Milan Milanovichning fikricha, O‘zbekiston terma jamoasi o‘zi uchun tarixiy ilk jahon chempionatida bundan ham yaxshiroq natijaga erishishi mumkin edi, ammo futbolchilarga bunday yirik musobaqalarda ishtirok etish tajribasi yetishmadi.

- Avvalo, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga tajriba yetishmadi. Jamoa mundialda bundan ham yaxshiroq ishtirok etishi mumkin edi, ammo jahon chempionati shunday musobaqaki, unda har bir xato hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Futbolchilarning aksariyati uchun bu bunday yuqori darajali musobaqadagi ilk tajriba edi, - dedi Milan Milanovich.

Yevropalik mutaxassis mundialda o‘z salohiyatini namoyish qila olgan O‘zbekiston milliy terma jamoasining bir necha futbolchilarini alohida e’tirof etdi.

- Men, ayniqsa, Abbosbek Fayzullaev, Eldor Shomurodov va yosh futbolchi Behruz Karimovni ajratib ko‘rsatgan bo‘lardim. Ular jahon chempionatida eng yorqin o‘yin namoyish qildi.

Karimov yaxshi salohiyatga ega ekanini ko‘rsatdi. Yosh futbolchi uchun jahon chempionatida qatnashishning oziyok faoliyatidagi juda muhim bosqich hisoblanadi, - deya qo‘shimcha qildi  serbiyalik murabbiy.

Milanovich muxlislarni O‘zbekiston terma jamoasi natijasini muvaffaqiyatsizlik sifatida qabul qilmaslikka chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, jahon chempionatida ishtirok etishning o‘zi kelajakda o‘zbek futboli rivoji uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

- Natija sababli xafa bo‘lish kerak emas. Bu O‘zbekiston uchun ilk jahon chempionati edi va musobaqaga chiqishning o‘zi katta yutuq hisoblanadi. Jamoa kelajakda asqotadigan bebahо tajriba orttirdi. Endi eng muhimi –  ishtirokni to‘g‘ri tahlil qilish va ishlashda davom etish. Bu avlodning kelajagi bor, - deya xulosa qildi Milan Milanovich.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!