Faizullaev bir gol bilan kolumbiyalik qizlar yoqimtoyiga aylandi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaev 2026 yildagi jahon chempionatidagi tarixiy o‘yindan so‘ng Kolumbiyada ijtimoiy tarmoqlarning yangi yulduziga aylandi, deb xabar bermoqda Hablalonoticias nashri.
O‘zbekiston terma jamoasi Kolumbiyaga qarshi uchrashuvda 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lganiga qaramay, 22 yoshli gol muallifi lotin amerikalik muxlislar e’tiborini o‘ziga qaratdi. O‘zbekistonlik futbolchining ismi X ijtimoiy tarmog‘i va instagramda trendlar qatoriga chiqdi. Ayniqsa, kolumbiyalik qizlar futbolchining tashqi ko‘rinishiga mahliyo bo‘lib, uni «ushbu mundialning eng yoqimtoy futbolchisi», deb atashmoqda.
Bir guruh muxlislar esa Fayzullaevni o‘z terma jamoalarining eng yoqimtoy va jozibali yulduzi — "Benfika" yarim himoyachisi Richard Rios bilan qiyoslay boshlashdi.
O‘zbekiston terma jamoasining 2026 yildagi jahon chempionatidagi debut uchrashuvi — «Atsteka» stadionida Kolumbiyaga qarshi o‘yinda Fayzullaev mamlakat tarixida jahon chempionatlaridagi ilk golini urdi.
Uchrashuvning 60-daqiqasida jamoa sardori Eldor Shomurodovning murakkab zarbasini darvozabon Kamilo Vargas qaytardi, to‘p yuqoridan Abbosbek Fayzullaevga kelib tushdi. U bo‘yi past bo‘lishiga qaramay, bosh bilan to‘pni darvoza to‘riga joyladi.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullaev 2023 yilning yozida "Paxtakor"dan Moskvaniñ CSKA klubiga o‘tganidan keyin ham qisqa fursat ichida muxlislar yoqimtoyiga aylangan edi. Garchi Abbosbek o‘tgan yili yozda Turkiya chempionati vakili "Istanbul Boshakshehir"ga transfer qilingan bo‘lsa-da, rossiyaliklar orasida aynan Fayzullaev uchun mundialda O‘zbekistonga ishqibozlik qilayotganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Fikrlar