
Faqat O‘zbekistondami? “Benfika” prezidenti Rui Koshta kelishilgan o‘yinlarni tashkillashtirganlikda ayblanmoqda! Portugaliyada katta janjal!
Ayni damda Portugaliya futbol olamining bor e’tibori bir vaziyatga qaratilgan. “Milan”, “Fiorentina” kabi klublarda super mavsumlarni o‘tkazgan afsonaviy futbolchi Rui Koshta hozir “Benfika” klubi prezidenti ekanligidan xabaringiz bor. Aynan u chempionat doirasidagi bir nechta o‘yinlarda raqib jamoa bilan til biriktirganlikda ayblanmoqda. Lissabon klubini ulkan jarima va elitadan pastga tushib ketish jazosi kutmoqda.
“Daily Mail” nashrining ma’lum qilishicha, huquqni himoya qiluvchi organlar allaqachon tergov-surishtiruv ishlarini boshlab yuborgan. Gap 2016-2020 yillar oralig‘idagi shubhali o‘yinlar haqida bormoqda. Manbaning xabariga ko‘ra, politsiyada bu ish bo‘yicha jiddiy dalillar mavjud. Elektron xatlar, chek va boshqa ko‘plab detallar Rui Koshtaga borib taqalmoqda. Bu yillar oralig‘ida Koshta klubning vitse-prezidenti lavozimida faoliyat olib borgan. “Benfika” politsiya bilan hamkorlikka tayyor ekanligini ma’lum qildi, ammo vaziyat borasida bayonot bergani yo‘q.
“Benfika”ning qaysi jamoalarga qarshi uchrashuvlari o‘rganilayotgani hozircha sir tutilmoqda. Rui Koshta ham jim, biroq insayderlarning ma’lum qilishicha, “Benfika”ni bir paytlar “Yuventus”ga qo‘llangan chora bilan jazolashlari ehtimoli juda yuqori. Agar sud “burgutlar”ning raqib futbolchilarga engilib berish evaziga pul berganini isbotlay olsa, vaziyat keskinlashib ketadi.
Rui Koshta 2021 yilning noyabr oyida klub prezidentiga aylangan edi. O‘tkazilgan saylovda 85 foiz ovoz to‘plagan sobiq futbolchi Luish Felippe Vieyruning o‘rnini egalladi. Undan avvalgi rahbar klubni moliyaviy tomondan anchagina qiyin ahvolda qoldirgan edi. Uni "pul yuvgani", byudjetdagi mablag‘ni noto‘g‘ri sarflagani va soliqlardan qochgani uchun iste’foga chiqarishgani ko‘pchiliking yodidan ko‘tarilgani aniq. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqsak, "Benfika” rahbarlari qonunni chetlab o‘tish bobida alohida tahsil olganmi deb o‘ylab qolasiz!
Ancha avval, 2018 yilda “Benfika” klubi bosh maslahatchisi lavozimida faoliyat olib borgan Paulo Gonsalveshning ayrim “qiliq"lari fosh qilingan edi. Qahramonimiz jamoasi o‘yinlarini boshqarib boradigan hakamlarga alohida ehtirom ko‘rsatgan ekan. Lissabondagi eng zo‘r mehmonxonadagi lyuks xonalar, qimmat ichimliklar va hatto, go‘zal ayollarni “sovg‘a qilish"dan ham tab tortmagan. Qimmatbaho sovg‘alar haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Aynan shu detallar orqali Gonsavesh hakamlarni “Benfika” foydasiga qaror chiqarishga undagan.
Rui Koshta prezident etib saylanishidan avval, klub ishqibozlariga ko‘plab bergan va’dalarining ustidan chiqa olgani yo‘q. U saylov oldidan ko‘p bor ta’kidlagan shaffoflikni ta’minlay olmadi. Sobiq futbolchi jamoa rahbari bo‘lsa, birinchi bo‘lib audit o‘tkazishini, klub pullarini nima uchun sarflanayotgani borasida hisobot bermoqchiligini ko‘p bor ta’kidladi. Yakunda, so‘zlarining ustidan chiqishga ulgurgani yo‘q.
Shunga qaramay, Koshtaning “Benfika”ga keltirgan foydasini ham e’tirof etish lozim. U jamoa sport direktori bo‘lib ishlagan davrlarda jamoa transferlardan yaxshigina pul ishlab oldi. Birgina Darvin Nunesning o‘zi jamoa g‘aznasiga 80 million evro keltirgan bo‘lsa, Entso Fernandesning transferidan jamoa 120 million evro ishlab olishi kutilmoqda.
E’tiborlisi, “Benfika” EChLda juda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Jamoa “Yuventus”, PSJ va “Makkabi” o‘rin egallagan "o‘lim guruhi"dan keyingi bosqichga chiqishni uddaladi. Ularni oldinda “Bryugge” bilan pley-off o‘yinlari kutib turibdi.
Ya . U
Fikrlar