Farhod Nishonov: "Chiroyli futbol o‘ynasangiz hech kim 3 ochko bermayapti"
Pro liganing 8-turida “FarDU” va “Olimpik Mobiyuz” uchrashuvida 2:1 hisobi bilan mezbonlar g'alaba qozondi.
Ushbu o'yindan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Farhod Nishonov fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
- “FarDU”ni g'alaba bilan tabriklayman. Keyingi uchrashuvlariga omad tilayman. O'yin qiziqarli bo'ldi. Tezkor gol o'tkazib yubordik. Ikkinchi taymda birinchi taymga nisbatan tezkor futbol bo'ldi, ikkala jamoa ham harakat qildi. Bizda ham ko'p vaziyatlar yaratildi. Ikkinchi taym oxiriga kelib deyarli futbol ko'rmadik. Chunki to'xtalishlar baribir o'yinning tempiга ta'sir qildi. Raqib g'alaba uchun harakat qildi va maqsadiga erishdi.
- O'zgarishlar asosan o'yin oxirida amalga oshirildi. Bunga sabab nima?
- Vaziyatdan kelib chiqib. Biz gol urmoqchi edik. “FarDU” ikkinchi taymda butunlay himoyada o'ynadi. Biz ko'p hujumlar tashkil qildik. Bunday vaziyatlarda gol urmasak, bilmadim qanday qilib yutib bo'ladi? Ishimiz futbolchilarga yo'nalish berish, ularni rivojlantirish va to'g'ri yo'lni ko'rsatish. Katta ustunlikka erishyapmiz, ammo natija yo'q. Futbolda natija bo'lmasa hech qanaqa o'ynashdan ham, harakat qilishdan ham foyda yo'q.
- Ikkinchi bo'limda darvozabon asosan oxirgi himoyachi rolida o'ynadi. Bu sizni ko'rsatmangizmidi?
- Aytayapman-ku, “FarDU” ikkinchi bo'limda butun jamoa bo'lib himoyada o'ynadi. Vaqt cho'zishyapti, oldinga qarab tepishyapti. Bizga gol kerak edi. Butun jamoa bo'lib hujumga o'tdik. Oxirgi daqiqalarda himoyachilarimizni ham hujumga qo'shdik. Agar vaziyatlarimizdan foydalanganimizda maqsadimizga erishgan bo'lardik. Lekin ish bermadi.
- Murabbiy sifatidagi maqsadingiz qanday? Jamoangiz pro ligada kuchli raqiblarga qarshi tajriba to'plashmi yoki natija?
- Bilasizmi, futbolda natija bo'lmasa maqsadsiz ish bo'ladi-da. Har bir murabbiy har bir o'yinda g'alaba qozonishni, chempion bo'lishni xohlaydi. Ha, ishimizda futbolchini rivojlantirib berishimiz kerak. Biroq g'alaba qozonmasak hech narsadan foyda yo'q. Sifat ham, natija ham bo'lishi kerak. Shu ikkalaси bo'lmasa ishlashdan foyda yo'q, deb o'ylayman. Shuncha tayyorlanyapmiz, o'yinchilarni tayyorlayapmiz, yaxshi jamoalardan taklif bo'lsa qo'yib yuboryapmiz. Lekin bizni ham oilamiz, yaqinlarimiz bor. Biz ham har doim stress, bosimda yashaymiz. Deyarli oiladan uzoqlashib ketyapmiz. Sababi natija muhim. Agar siz yutsangiz sizni eslab qolishadi, yutqazsangiz hech kim eslamaydi. Shu bois har bir bahsda g'alaba qozonishni xohlardim. O'yinchilarda ham mana shu ruh, yutish madaniyati rivojlanishi kerak. Chiqib yaxshi o'ynadik, yutqazdik, vaziyatlardan foydalana olmadik, deb ketsa ertaga bizni sharmanda qiladi. Orqasida vatan turadi. Chiroyli futbol o'ynasangiz hech kim uch ochko bermayapti. Kurashish kerak, g'alaba qozonish zarur. Futbol natijalarga bog'langan, agar natija bo'lsa klubda hamma narsa bo'ladi. Kimlardir tajribasizlik qilyapti, kimlargadir agressiya yetishmayapti. Yutish madaniyati yetimshayapti. Vaqti kelib hammasi yaxshi bo'lib ketadi.
- Abdug'ofur Haydarov qanchalik jamoangizga moslashib ketdi?
- To'g'risi, u hali biz kutgan formada emas. Maqsadi agar yaxshi darajaga qaytish bo'lsa, o'z ustida ishlashi kerak. Hozirgi holati va harakatlari futbolchi uchun yetarli emas. Har doim Superligada o'ynab kelgan, terma jamoalardan chaqiruv olgan. Oxirgi paytlarda esa sport formasi yuqori darajada emas. Shu bois terma jamoada ham ko'rinmayapti. Unda hujumchiga xos hamma narsa bor. Ammo shuncha o'ziga berilgan sifatlardan hali foydalanmayapti. Tarkibimizda yulduzlar yo'q, hamma bir xil. Jamoaviy o'yin hisobiga o'ynayapmiz. Imkoniyatlardan nega foydalanа olmayapmiz, chunki lider o'yinchi yetishmayapti. Qiyin vaziyatda o'ziga oladigan futbolchi yo'q, ishonch yetishmayapti. Ko'rgan bo'lsangiz, Haydarovda ham ko'p vaziyatlar bo'ldi. Agar u imkoniyatlaridan foydalanmasa yaxshi hujumchi hisoblanmaydi.

Fikrlar