
Fayzullaev nufuzli sovrin bilan taqdirlandi
Moskva shahrida “Winline Rossiya Premer-ligasi qahramonlari”, deb nomlangan turli yo‘nalishlar bo‘yicha tanlovlar g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘ldi.
TsSKA hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaev “Mavsus kashfiyoti” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib, deb e’tirof etildi va maxsus sovrin bilan taqdirlandi.
“Mavsum kashfiyoti” nominatsiyasining yakuniy bosqichida uch nafar futbolchining nomi ko‘rsatilgan edi.
20 yoshli legionerimiz “Dinamo Moskva” legioneri Bitello va “Krilya Sovetov” futbolchisi Nikita Satikovni ortda qoldirdi.
Braziliyalik Bitello yakunlangan mavsumda poytaxt klubi safida 23ta uchrashuvda ishtirok etib, sakkizta gol va ikkita golli pas muallifi bo‘ldi.
“Krilya Sovetov” hujumchisi Nikita Saltikov chempionatda 29 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini to‘rt marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga to‘rtta golli pas uzatdi.
Nominatsiya g‘olibi bo‘lgan Abbosbek Fayzullaev qisqa fursatda TsSKA etakchisiga aylandi. “Armiyachilar” hujumini tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatgan legionerimiz Rossiya Premer-ligasida 22 ta uchrashuvda to‘rtta to‘p kiritib, jamoadoshlarining 11 ta goliga hammuallif bo‘ldi.
Abbosbek Fayzullaev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. TsSKA iste’dodli hujumkor futbolchini o‘tgan yilning avgustida transfer qilgan edi.
Moskvaliklarning bu transferi 500 ming evroga tushgan. Abbosbek Fayzullaev debyut mavsumidayoq o‘zini ko‘rsatgani uning transfer narxiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt.world portali bugungi kunda o‘zbek futbolchisini besh million evroga baholanmoqda.
Abbosbek Fayzullaev Evropaning top-chempionatlari vakillari e’tiborini qozongani haqida ma’lumotlar tarqatilmoqda. Bir necha manbalarda keltirilishicha, hamyurtimizni Germaniyaning “Bavariya”, Italiyaning “Parma” kabi taniqli klublari kuzatib bormoqda.
Fikrlar