Fevzi Davletov: "Futbolchilarga atayin vaqtni cho‘zish haqida topshiriq bermaganmiz"

  • 18.08.2024 23:39
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

“Andijon” – “Surxon” (2:3) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Fevzi Davletov savollarga javob qaytardi.

- Fevzi Rizaevich, g‘alaba bilan tabriklaymiz. O‘yin qanday taassurot qoldirdi?

- Jangovar o‘yin bo‘ldi. Bugungi chiroyli oqshomda ajoyib bahs guvohiga aylandik. Ob-havo ham futbol o‘ynash uchun juda mos edi. Biz bu uchrashuv uchun juda ko‘p kuch sarfladik. Boshida 10-15 daqiqa davomida o‘yinga unchalik kirishib keta olmadik. Maydonga moslashish biroz qiyin kechdi. Keyinchalik xavfli vaziyatlarni yarata boshladik. Raqib darvozasi oldida golli imkoniyatlarga ega bo‘ldik. Ikkinchi taymda ham yaxshi harakat qildik. Asosiy maqsadimiz g‘alaba qozonish edi. 0:2 dan keyin ozgina bo‘shashdik. Qarshi hujumlarga e’tibor qaratdik. O‘yinchilarimga hech qachon bo‘shashmaslikni ta’kidlagandim. Chunki raqibning standartlari xavfli bo‘lishini alohida aytgandim. Ikkita gol o‘tkazganimizga qaramasdan g‘alaba golini ura oldik va buning uchun futbolchilarga katta rahmat. Juda muhim g‘alabaga erishdik. Bizni qo‘llab-quvvatlab turgan ishqibozlarimizga ham alohida minnatdorchilik bildiraman. Biz bu o‘yinda g‘alabaga loyiq edik.

- Uchinchi golni urganAbdug‘ofur Haydarovning o‘yiniga qanday baho berasiz?

- Uning o‘yini “ochilib” boryapti. Hammasi o‘ziga bog‘liq. Yaxshi mehnat qilishda davom etsa yanada faollashib boraveradi.

- Jurnalist o‘zining telegram kanalida “Andijon” hisobni tenglashtirgach, “Andijon” taym” boshlangani haqida yozdi. To‘g‘risi, “Bobur arena”da “Barselona” yoki “Al-Hilol” kelib o‘ynasa ham juda qiynaladi. Lekin “Surxon” bunday kuchli bosimga qaramasdan uchinchi golni urishga muvaffaq bo‘ldi. G‘alaba nimaning evaziga qo‘lga kiritildi?

- To‘g‘ri, biz 2:0 gacha yaxshi o‘ynayotgandik. Keyin himoyaga e’tibor qaratdik. Raqibimiz jiddiy qarshilik ko‘rsatdi va ikkita gol urishdi. Shunga qaramay, yana hujumga o‘tdik va uchinchi golni urib, yutib ketdik. Albatta, bugun bizga ancha qiyin bo‘ldi. “Andijon” yaxshi tayyorgarlik ko‘rganini va kuchli ekanligini bilardik. Qanotlardan yaxshi hujumlar tashkil qilishini ham yaxshi bilib turgandik.

- Avgustning oxirida bu stadionga yana “Surxon” keladi va O‘zbekiston Kubogi yarim finalida to‘qnashasizlar. Bu o‘yin esa “Surxon” uchun 3-5 barobar yanada qiyin bo‘ladi. “Andijon” so‘zsiz revansh olish uchun maydonga tushadi. Bunga nima deysiz?

- Hozir bir narsa deya olmayman. Bu butunlay boshqacha ruhiyatda o‘tadi va boshqacha tayyorgarlik bilan maydonga tushamiz. Biz ham, “Andijon” ham o‘zgacha holatda tayyorgarlik ko‘radi. Yarim final juda qiziqarli o‘tadi. Maydon chimi biroz sifatsiz bo‘lib qolibdi, ammo yaxshi futbol ko‘ramiz, deb o‘ylayman. Bunday maydonda biz to‘liq o‘z o‘yinimizni ko‘rsata olmadik.

- “Surxon” hisobda oldinda borayotgan paytda futbolchilar ko‘p bor to‘xtalishlarga qo‘l urdilar. Bu siz tomoningizdan berilgan ko‘rsatmamidi? Buni normal deb hisoblaysizmi?

- Buni maydon bilan bog‘lagan bo‘lardim. Chunki maydon holati og‘ir edi.

- Siz o‘yin cho‘zishni normal holat deb o‘ylaysizmi?

- Yo‘q, men o‘yin cho‘zilishini normal deb hisoblamayman. Vaqtni cho‘zish nima uchun? Har doim aytaman: xushtak chalingunicha o‘ynashimiz kerak. Hisobni ushlab qolish uchun vaqtni cho‘zish borasida bizda hech qanday gap bo‘lmagan. Bir qator vaziyatlar bo‘ldi. Lekin biz futbolchilarga atayin vaqtni cho‘zish haqida topshiriq bermaganmiz. Darvozabonimizda barmoqlarida og‘riq bor edi. Unga nima uchun sariq kartochka ko‘rsatilganiga tushunmadim.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!