
FIFA jahon chempionatini har ikki yilda o‘tkazish va ishtirokchilar sonini oshirish masalasini muhokama qildi
Bugun OFKning 31-kongressi onlayn tarzda tashkil etildi. Unda FIFA prezidenti Janni Infantino, OFK rahbari Shayx Salmon bin Ibrohim al Halifa, shuningdek, a’zo mamlakatlar vakillari qatorida O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ishtirok etdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
Dastlab, Janni Infantino FIFA tomonidan ilgari surilayotgan Jahon chempionatlarining har ikki yilda o‘tkazish g‘oyasi afzalliklari va imkoniyatlari haqida to‘xtaldi. Shuningdek, Mundial ishtirokchilari soni oshishi ham yaxshi ko‘rsatkichlarga olib kelishini ta’kidladi.
Shayx Salmon OFK a’zolariga tashkilotning keyingi yilgi rejalarini tanishtirdi. Osiyo konfederatsiyasi tomonidan futbolni rivojlantirishga qaratilgan mablag‘lari oshirilishi haqida ma’lumot berdi. OFK shiori ostidagi barcha turnirlarni yuqori saviyada tashkil etish asosiy vazifa etib belgilandi. Muhim jihatlaridan biri, 2022-yilda COVID-19 virusining Osiyo futboliga salbiy ta’sirini kamaytirish, uning tarqalishini oldini olish, tibbiy tahlil va davolash tizimini yanada mukammallashtirishdan iborat ekanligi aytildi.
Kongressda tashkilotlarning moliyaviy hisoboti, qo‘mitalarning qilingan ishlar bo‘yicha hisobotlari eshittirildi va qabul qilindi. Adliya qo‘mitasi tomonidan OFK ustaviga bir qancha o‘zgartirish kiritilgani borasidagi ma’lumot ham kun tartibidan joy oldi va bu o‘zgarishlar milliy assotsiatsiyalar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. Konfederatsiyada yangi auditorlik faoliyati tasdiqlandi.
Fikrlar