FIFA JCh-2026 finalidagi tanaffusni jahon yulduzlari ishtirokidagi shou uchun 30 daqiqagacha uzaytiradi

  • 15.07.2026 15:35
  • Ali Ahmadxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

2026 yilda Nyu-Djersida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati final o‘yinida taymlar orasidagi tanaffus 30 daqiqagacha uzaytirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqida «The Telegraph» nashri xabar berdi.

Hozirgi qoidalarga ko‘ra, futbolda tanaffus 15 daqiqa bilan cheklangan. FIFAning yangi tashabbusi aynan shu me’yorni o‘zgartirishni nazarda tutadi. Sabab – final o‘yini vaqtida Amerikadagi mashhur Superboul uslubida katta sahnaviy tomosha uyushtirish rejasi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, stadionda 11 daqiqalik yirik musiqiy shou namoyish etiladi. Loyiha kuratori sifatida Coldplay guruhi yetakchisi Kris Martin tayinlangan.

«Metlayf» stadioni sahnasida asosiy ishtirokchilar sifatida Madonna, Shakira, BTS va Justin Biber chiqishi kutilmoqda. Shuningdek, kontsert dasturiga nigeriyalik qo‘shiqchi Burna Boy, mashhur dirijyor Gustavo Dudamel, maktab xori PS22 Chorus, shuningdek, bolalar uchun mo‘ljallangan «Ulitsa Sezam» va «Mappet-shou» loyihalari qahramonlarining chiqishlari ham kiritilgan.

Bundan tashqari, final o‘yini boshlanishidan taxminan bir yarim soat oldin chempionatning yopilish marosimi o‘tkaziladi. Unda Robbi Uilyams, Nikol Sherzinger va gollivud aktyori Tom Kruz ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Tadbir Global Citizen xayriya tashkiloti hamkorligida o‘tkaziladi. Undan tushadigan mablag‘lar bolalarning ta’lim va sportga bo‘lgan imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan maxsus jamg‘armani qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!