FIFA O‘zbekistonidagi jahon chempionati bo‘yicha muhim yangilikni e’lon qildi

  • 17.10.2026 05:46
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) 2027 yilda Ozarbayjon va O‘zbekistonda o‘tadigan U-20 jahon chempionatining rasmiy brendini taqdim etdi, deb xabar bermoqda FIFA matbuot xizmati.

Ma’lumotga ko‘ra, 2027 yildgi U-20 jahon chempionati uchun maxsus ishlab chiqilgan brend ikki mezbon mamlakat — Ozarbayjon va O‘zbekistonning o‘ziga xosligi va yosh muxlislar kayfiyatini uyg‘unlashtirishga qaratilgan.

Turnir shiori — «U Shape The Game» («Sen o‘yinni shakllantirasan»). U yosh futbolchilar va muxlislarning kelajak futbolidagi o‘rni va ta’sirini alohida ta’kidlash uchun tanlangan.

FIFAgа ko‘ra, «U Shape The Game» shiori to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘yinchilar va muxlislarga murojaat qiladi. U-20 jahon chempionati yoshlar uchun o‘zini namoyon etish, yangi do‘stlar orttirish va futbol taraqqiyotiga hissa qo‘shish imkoniyatini beruvchi maydon sifatida ko‘rilmoqda.

- Turnirning vizual kontseptsiyasi Ozarbayjon va O‘zbekistonning boy madaniy merosidan ilhomlangan. Asosiy g‘oya sifatida mahalliy an’anaviy plitka va mozaika naqshlari olingan, ular zamonaviy uslubda qayta talqin qilingan. Yangi avlod muxlislariga manzur bo‘lishi uchun zamonaviy naqshlar, ranglar va gradientlar qo‘llanilgan.

Rasmiy emblema markazida ifodali «U» harfi joy olgan. U yosh futbolchilar salohiyati va ularning o‘yin kelajagini belgilash qobiliyatini anglatadi. Shu harf asosida turnirning umumiy dizayn yechimlarida qo‘llanadigan dinamik naqsh ham yaratilgan.

Ranglar palitrasi yorqin tuslarga boy: biryuza, yashil, siyohrang (fiolet) va qizil ranglar turli jilolar bilan uyg‘unlashtirilgan. Bu ranglar orqali ikki mezbon mamlakat yagona musobaqa brendi doirasida birlashtirilgani qayd etilgan, — deyiladi FIFA ma’lumotida.

FIFA shafeligida 25-marotaba tashkil etilayotgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati tarixda ilk marta ikki davlat — Ozarbayjon va O‘zbekiston tomonidan birgalikda qabul qilinadi. 

Musobaqada 24 ta milliy terma jamoa ishtirok etishi rejalashtirilgan. Turnir birinchi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘tkazilganiga 50 yil to‘lishiga bag‘ishlanadi. Aniq sanalar hali FIFA tomonidan tasdiqlanmagan, ammo amaldagi tajribaga ko‘ra, musobaqa 2027 yilning may–iyun oylarida o‘tkazilishi kutilmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!