FIFA rahbari Infantino Mirziyoyevga o‘zbek futbolchilarining ustun jihatini aytdi
Jahon futbol tashkiloti — FIFA prezidenti Janni Infantino AQSh, Meksika va Kanada mezbonlik qilgan 2026 yildagi jahon chempionatidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinlari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Infantinoga "Jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinlarini kuzatdingizmi va sizga eng ko‘p nima taassurot qoldirdi?", degan savol berildi.
FIFA rahbarining javobi quyidagicha bo‘ldi.
— Ha, albatta o‘yinlarni kuzatdim va bu haqida prezidentga ham aytdim. Eng katta taassurot qoldirgan jihat — futbolchilarning maydonga yurakdan tushgani bo‘ldi.
Bu jahon chempionatiga ilk chiqish edi. Bilasizmi, bu mutlaqo boshqa tajriba, yangi bosqich. Siz sodir bo‘layotgan voqealardan hayratda qolasiz, ammo ular rostdan ham juda yaxshi o‘ynashdi.
Kolumbiyaga qarshi o‘yin... Ular durang natijani ushlab turishdi, ammo, albatta, eng oxirgi daqiqalarda gol o‘tkazib yuborishdi. Lekin bu unchalik muhim emas, chunki ular butun mamlakatni faxrlantirishga erishdi.
Jahon chempionatida ko‘plab jamoalar o‘ynaydi, ammo O‘zbekiston chin dildan o‘ynadi. Eng muhimi ham shu, - dedi Janni Infantino.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yildagi jahon chempionatida Fabio Kannavaro boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor musobaqaning final bosqichida maydonga tushdi. Shu bilan birga, jamoa guruh bosqichidan chiqmadi va K guruhida birorta ochko to‘plamasdan so‘nggi o‘rinni egalladi.
Debyut uchrashuvi Mexikodagi mashhur «Atsteka» stadionida Kolumbiyaga qarshi kechdi va 1:3 hisobida yakunlandi. Keyingi turda o‘zbekistonliklar Portugaliyaga yirik — 0:5 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Guruh bosqichining so‘nggi uchrashuvida esa Kongo terma jamoasiga qarshi bellashuv 1:3 hisobida raqiblar foydasiga hal bo‘ldi.
Shunga qaramay, Eldor Shomurodov kiritgan to‘p jahon chempionatining eng zo‘r ikki golidan biri sifatida e’tirof etildi. Terma jamoaning eng mashhur o‘yinchisi Abduqodir Husanov mundialning eng tezkor himoyachilaridan biri sifatida tan oolindi. Shuningdek, mundial jahon futboli jamoatchiligi uchun bir necha o‘zbek futbolchilarini kashf etib berdi.

Fikrlar