Final chiptalari qanday qo‘lga chiqib ketdi? Nega iticket onlayn platformasi ishlamagani? Muxlislar bilet sotib olishi borasida rasmiy ma’lumot berildi
19 iyun kuni "Bunyodkor" stadionida U-23 Osiyo Kubogi final bahsi o‘tkaziladi. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga chiqadi. Ushbu o‘yinga bo‘lgan qiziqish juda yuqori edi. Hamma chiptalar sotuvga chiqishini kutayotgandi. Chiptalar sotuvga chiqdiyu katta qismi olib-sotarlar qo‘liga chiqib ketdi. Iticket.uz onlayn platformasi esa ishlamay qoldi.
Ushbu holatlar yuzasida O‘FA matbuot xizmati rahbari Davron Fayziev quyidagilarni ma’lum qildi.
- Hozirgi kunda U-23 Osiyo Kubogi O‘zbekiston - Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi final uchrashuviga qiziqish juda ham ko‘p. Bunga sabab Olimpiya terma jamoamizning yorqin o‘yini va muxlislarning ularga bo‘lgan mehri.
Bugun final uchrashuvini ko‘rish niyatidagi ko‘plab muxislar "Bunyodkor" stadioni kassalariga borib, chiptalarni kassadan xarid qilishga harakat qildi. Shuningdek, iticket.uz onlayn platformasi orqali ham sotib olishga urinishdi. 19 iyun kuni finalni stadiondan ko‘rish niyatidagi muxlislar juda ko‘pchilikni tashkil etmoqda va bugun "Bunyodkor" stadioni kassalari oldida ko‘plab insonlar to‘plangan. Afsuski, ular orasida ko‘p miqdorda chipta xarid qilishni niyat qilgan chayqovchilar ham bor edi. Natijada biroz tartibsizliklar yuzaga keldi.
Shuningdek, muxlislardan shikoyat kelib tushyaptiki, iticket.uz onlayn platformasida ham chipta sotuvi yo‘lga qo‘yilmagan deb. Biz bu borada iticket.uz kompaniyasiga murojaat qildik va ular shunday izoh berishdi: bugun saytga tashrif buyuruvchilar juda ko‘pchilikni tashkil etdi hamda texnik nosozlik yuzaga keldi. Yaqin vaqt ichida bu nosozlik bartaraf etiladi va chiptalar sotuvi onlayn tarzda yo‘lga qo‘yiladi.
Qolaversa, "Bunyodkor" stadioni kassalarida ham chiptalar sotuvi davom ettiriladi. Iticket.uz kompaniyasining ma’lum qilishicha, bugun 10 mingta chipta sotilgan. Umid qilamizki, iticket.uz platformasidagi chiptalar sotuvi yo‘lga qo‘yiladi va hozirgi kuzatilayotgan muammolar tezda bartaraf etiladi. Olimpiya terma jamoamizga esa g‘alaba tilaymiz, - dedi Davron Fayziev.
Fikrlar