Asosiy mazmunga oʻtish

Formula-1. Antonelli Verstappendan ustun keldi. Monakoda favorit ko‘rilgan “Ferrari” ishonchni oqlamadi

Ali Ahmadxo’jayev
Izohlar: 0

Monako Gran-prisi saralash bosqichi o‘z nihoyasiga yetdi

“Mersedes” haydovchisi Kimi Antonelli Monako Gran-prisida poul pozitsiyasini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni mos ravishda “Ferrari” vakili Lyuis Xemilton hamda “Red Bull” haydovchisi Maks Verstappen egalladi.

Birinchi saralash segmenti (Q1) yakunlariga ko‘ra, Sharль Lekler 1:13.293 natija bilan eng tezkor bo‘ldi va Verstappendan 0,197 soniyaga o‘zib ketdi. Uchinchi natijani Antonelli qayd etib, yetakchidan 0,306 soniya ortda qoldi. Segment tugashiga ikki daqiqa qolganida sessiya qizil bayroq bilan to‘xtatildi: Gabriyel Bortoleto o‘ninchi burilishda mashinasini devorga urib yubordi, biroq shunga qaramay eng yaxshi 16 talikdan joy olib, keyingi bosqichga chiqishni uddaladi.

Natijada dastlabki oltilik vakillari boksda qolishdi, protokolning quyi qismidagi ayrim pilotlar esa trekka qaytishdi. Saralash bahslari Esteban Okon, Serxio Peres, Oliver Berman, Valtteri Bottas, Fernando Alonso va Lens Stroll uchun shu bosqichda yakunlandi.

Ikkinchi segmentda (Q2) Verstappen so‘nggi urinishida 1:12.499 natija qayd etib, peshqadamlikni qo‘lga oldi. U Antonellidan 0,205 soniyaga tezroq bo‘ldi. Yetakchining jamoadoshi Isak Xadjar uchinchi o‘ringa ko‘tarildi, Lekler esa faqat to‘rtinchi bo‘lib qoldi. Aleks Albon, Karlos Sayns, Niko Hyulkenberg, Franko Kolapinto, Arvid Lindblad va Gabriyel Bortoleto esa final segmentiga yo‘l ololmadi.

Hal qiluvchi uchinchi segment (Q3)dagi dastlabki urinishlardan so‘ng Antonelli va Verstappen o‘rtasidagi farq atigi 0,001 soniyani tashkil etdi. Uchinchi natijani ko‘rsatgan Xemilton esa ulardan 0,178 soniya ortda edi. Shu bilan birga, Lekler muvaffaqiyatsiz urinishdan keyin boksga qaytgani sababli vaqt qayd eta olmadi.

Poyga yakuniga besh daqiqa qolganida monakolik yana tezkor aylanasiga chiqdi va boshqalar hal qiluvchi urinishlarga tayyorlanayotgan bir paytda 1:12.351 natija bilan yangi eng yaxshi vaqtni o‘rnatdi. U Antonellidan 0,024 soniyaga tezroq bo‘ldi.

So‘nggi urinishlarda Verstappen Lekler natijasidan yana 0,185 soniya yaxshiroq vaqt ko‘rsatib, birinchi o‘ringa chiqdi. Biroq uning quvonchi uzoq davom etmadi — Antonelli 1:12.051 natija qayd etib, niderlandiyalik raqibidan 0,043 soniyaga tezroq bo‘ldi va poul pozitsiyasini qo‘lga kiritdi. Xemilton uchinchi o‘ringa ko‘tarilib, jamoadoshini ortda qoldirdi. Lekler esa so‘nggi urinishini devor bilan to‘qnashuv bilan yakunladi va to‘rtinchi o‘rinda qoldi.

Image

Ulashish
SPORTS.uz'ning Facebook'dagi sahifasiga a’zo bo‘ling!

Izohlar (0)

Hozircha izohlar yo'q