Futbol sharhlovchisi Abror Jo‘raqulov qur’a oldidan o‘z taxminlarini bildirdi
Xabarangiz bor, bugun 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati uchun qur’a tashlanadi.
Sports.uz sayti mazkur musobaqada O‘zbekiston terma jamoasining ishtirok etishi mavzusida Sport TV jurnalisti Abror Jo‘raqulov bilan qisqa intervyu uyushtirdi.
O‘zbekistonning guruh bosqichidagi raqiblari kimlar bo‘ladi?
"Guruhdagi raqiblar orasida men eng ko‘p xohlayotganim Meksika terma jamoasi. Agar Meksika tushsa, ochilish o‘yinida qatnashamiz “Atsteka” o‘yingohida. Shuning uchun ular tushishini xohlayapman. Birinchi savatdagi hamma jamoa qiyin, faqat Kanada va Meksika biroz engilroq bo‘lishi mumkin. Shuning uchun Meksika tushsa ham — ochilish o‘yini tomonidan ham, qulayroq raqib bilan o‘ynaymiz desam, to‘g‘ri bo‘ladi. Ikkinchi savatchadan Avstriya deb o‘ylayapman. Ko‘proq taxminlarim shunga tortyapti. Ikkinchi savatdan Avstriya desak, to‘rtinchi savatchadan esa Yangi Zellandiyami yoki Ganami — shu ikkisidan biri tushsa, menimcha biz uchun eng qulay guruh shunday shakllanar edi."
Mundialda qaysi bosqichgacha etib bora olamiz?
"Mundialda guruhdan chiqa olamiz, deb o‘ylayman. Guruhdan chiqamiz, undan keyin uyog‘ini ko‘ramiz. Guruhdan chiqish asosiy maqsadimiz. Terma jamoamizga ishonamiz. Keyingi bosqichdan ham o‘tish imkoniyatimiz bor."
Sizningcha, Jahon chempionatida tarkibimizdagi futbolchilardan kimlar porlab, kuchli chempionatlarga yo‘l olishi mumkin?
"Men kuzatib boradigan asosiy futbolchi — Abbosbek Fayzullaev. Nasib qilsa, jarohat olmasin, yaxshi formada etib borsin. Uning potentsiali juda zo‘r. Jahon chempionati Abbos uchun eng zo‘r turnir bo‘ladi va u kashf etilgan futbolchilardan biriga aylanishi mumkin. Bundan tashqari, Xusniddin Aliqulov uchun ham bu Jahon chempionati haqiqiy o‘zini ko‘rsatishi uchun yorqin imkoniyat bo‘ladi. U Evropaning kuchli chempionatlarida bemalol o‘ynay oladigan himoyachi. Faqat uni ko‘rsatadigan platforma kerak. Ushbu mundial aynan o‘sha platforma bo‘ladi.
Yosh futbolchilarimiz ham o‘zini ko‘rsatib, porlashi mumkin. Yoshi katta futbolchilarimiz ham yaxshi o‘ynashi mumkin, lekin ularning kuchli chempionatlarga ketishi qiyinroq. Men Abduqodir Husanovni atayin qo‘shmayapman, u shundoq ham top-klubda. U uchun bu alohida maydon bo‘ladi. “Manchester Siti”ga ham nimanidir isbotlab qo‘yishi mumkin. JChdan keyin unga bo‘lgan qiziqish yana ortishi ehtimoli ham yuqori.
Shuningdek, himoyachi Rustam Ashurmatov , Sherzod Nasrullaev va yarimhimoyachi Akmal Mozgovoyga ham etarli o‘yin vaqti berilsa, o‘zini ko‘rsatib o‘sishi mumkin. Asosan shu Abbosbek Fayzullaev, Xusniddin Aliqulov va yosh futbolchilarimizdan katta narsalar kutayapman."

Fikrlar