
Futbolda umrim shunchaki o‘tib ketishini xohlamayman, "Navbahor" bilan vazifani bajarishimizga shubhalanmayapman - Quvondiq Ro‘ziev nega klubini o‘zgartirgani xususida
“Navbahor” bu yil tarkibini ancha kuchaytirib olyapti. Tarkibiga bunga qadar o‘z klublarining etakchilari bo‘lgan bir qator futbolchilar taklif qilindi.
Masalan, “Qo‘qon-1912” jamoasida bir necha yil samarali to‘p surgan Quvondiq Ro‘ziev endi “Navbahor” libosida maydonga tushadi.
Uning Namangan jamoasiga ko‘chib o‘tgani mahalliy muxlislarni xursand qilmasdan qolmadi. Sports.uz muxbiri esa futbolchi bilan bir qator qiziqarli mavzularda muloqot qildi.
“Dastlab “Lokomotiv”dan taklif tushgandi”
Avvalo Quvondiq Ro‘zievning “Navbahor”ga ko‘chib o‘tishi qanday sodir bo‘ldi? Uning “Qo‘qon-1912”ni tark etishi nima bilan bog‘liq edi? Ro‘ziev dastlab shu haqida gapirdi.
- O‘tgan yilgi mavsum tugaganidan keyin, menga “Lokomotiv” klubi taklif bilan chiqqandi. Garchi “Qo‘qon-1912” bilan shartnomam tugaganiga qaramasdan, bu haqida klub rahbarlariga aytdim. Ular esa, yana bir yil Qo‘qon jamoasida o‘ynab berishimni so‘radi. Keyin “Lokomotiv”dagilardan uzr so‘radim va meni to‘g‘ri tushunishgani uchun rahmat aytdim. “Qo‘qon-1912” bilan yig‘inga kirishganimda, menga “Navbahor”dan taklif kelib tushdi. Natijada ularga ham vaziyatni tushuntirdim, Qo‘qondan shunchaki keta olmasligimni aytdim. Shundan keyin ikkala jamoa rahbarlari gaplashishgan va mening taqdirim borasida ular kelishishgan. Shundan so‘ng, “Navbahor”ga kelib qo‘shildim.
“Qachondir Qo‘qondan ketishim kerak edi”
Quvondiqning Qo‘qondan ketishi klub uchun yo‘qotish bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz. Chunki bu futbolchining “Qo‘qon-1912”dagi o‘rni va mavqei baland edi. Ro‘ziev u erdan ketishini eslar ekan, quyidagilarni aytdi:
- Gapning ochig‘i, “Qo‘qon-1912” klubidan ketishim qiyin kechdi. Axir u erda salkam beshta mavsumni o‘tkazgandim-da. Ammo qachondir Qo‘qondan ketishim kerak edi. Yanada yaxshiroq, o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygan jamoada to‘p surmoqchi edim. Yoshim ham 26 ga to‘ldi. Endi yosh bola emasman. “Navbahor”ga o‘tishimga turtki bo‘lgan asosiy jihatlardan biri, klubning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi meni qiziqtirib qo‘ydi.
“Vaqti kelib farzandlarimga yutgan sovrinlarim haqida gapirgim keladi”
Ko‘rib turganingizdek, futbolchiga “Navbahor”ning oldiga qo‘ygan maqsadi muhim ahamiyat kasb etgan. Quvondiq ham nimadir yutishni istayotganini yashirmayapti. Shu o‘rinda futbolchi ikkala klubning maqsad hamda vazifalarini ham solishtirdi.
- “Qo‘qon-1912”ning bu yilgi vazifasi o‘tgan yilgi natijani takrorlash. Ya’ni, kuchli beshtalikka kirish. “Navbahor” esa, chempionlik uchun kurashadi. Ko‘rib turibsiz, maqsadlar borasida o‘rtada katta tafovut bor. Kattaroq vazifasi bor klubga o‘tishni ma’qul ko‘rdim. Hozir ayni kuchga to‘lgan paytim. Futbolni ichida umrim shunchaki o‘tib ketishini xohlamayman. Ertaga futbolni tugatganimizdan keyin baribir statistika gapiradi. Qo‘qonda shuncha yil o‘ynab, hech nima yutmadim, desam ertaga bunga hech kim qiziqmaydi. Vaqti kelib farzandlarimga chempion bo‘lganman, kumush va bronzani yutganman yoki Osiyo Chempionlar ligasida to‘p surganman, degim keladi.
“Boshida qiynaldim, chunki biroz tortinchoqman”
Shunday qilib, Quvondiq Ro‘zievning “Navbahor”dagi hayoti ham boshlandi. Bu uning uchun yangi chaqiriq va yangi imkoniyatlar eshigini ochishi kutilmoqda. Xo‘sh, uni yangi klubida qanday kutib olishdi? Dastlabki taassurotlari qanday?
- Rostini aytaman, “Navbahor”ga qo‘shilganimdan so‘ng, uch kuncha qiynaldim. “Navbahor”da oldin men bilan birga o‘ynagan birgina O‘tkir aka Yusupov bor edi. Qolgan futbolchilar deyarli notanish edi. Shu sababli, yangi klubga kirishib ketishim biroz qiyin kechdi. Shunga qaramay, yigitlar dalda berib turishdi. Jamoa bilan tortinmasdan suhbatda bo‘lishimni, hech nimadan uyalmasligimni maslahat berishdi. Qancha tez kirishib ketsang, bizga ham osonroq bo‘ladi, degan gaplarni aytishdi. Hozirga kelib ko‘pchiligi bilan ancha tanishib, do‘stlashib ketdim. To‘g‘risi, xarakterim og‘irroq. Qanday ma’noda? Ya’ni, birdaniga kirishib keta olmayman. Biroz tortinchoqroqman. Ba’zilar tezda kirishib ketadi, men esa biroz uyalaman. Boya aytganimdek, boshida biroz qiynaldim. Bungacha Qo‘qonda besh yil to‘p surgan bo‘lsam, u erdagilarning hammasi men uchun akam, ukam va do‘stlarim bo‘lib qolishgan.
“No‘’mon aka Hasanov meni terma jamoa darajasiga ko‘tarmoqchi”
“Navbahor” bosh murabbiyi No‘’mon Hasanov ham Ro‘zievni jamoasida ko‘rib turganidan xursand. Quvondiq u bilan ilk suhbat qanday o‘tgani haqida gapirdi.
- Aslida No‘’mon aka Hasanov o‘tgan mavsum tugamasidan avval noyabr oyida men bilan aloqaga chiqqandi. Meni “Navbahor”da ko‘rishni xohlayotganini aytgandi. Lekin o‘sha paytda o‘zining klubda qolishi so‘roq ostida turgandi. Shuning uchun o‘z ishi aniq bo‘lgach, bemalol o‘tirib gaplashishimizni aytgandim. No‘’mon akani oldindan yaxshi bilaman. Futbolchini taklif qilishdan avval, uning insoniylik fazilatlariga qaraydi. Shu narsa No‘’mon aka Hasanov uchun birinchi o‘rinda turadi. “Navbahor”dagi birinchi asosiy maqsadi jamoaviy ruhni yaxshilash. Albatta, “Navbahor”ga o‘tganimdan so‘ng, o‘zi bilan gaplashdik va meni klubida ko‘rib turganidan xursandligini aytdi. Bir-birimizga yordam beramiz va murabbiy meni terma jamoa darajasigacha ko‘tarishini ta’kidladi. Ilgari aynan ushbu murabbiyning qo‘li ostida to‘p surib terma jamoaga tushganman.
“Har bir chiziqda eng yaxshi o‘yinchilar yig‘ilyapti”
“Navbahor” har yili o‘z oldiga katta-katta maqsadlarni qo‘yadi. Biroq mavsum yakuniga kelganda klubni o‘z o‘rnida topa olmaymiz. Bu yil ham jamoaning vazifalari ancha jiddiy. Tarkib ham yaxshi darajada shakllantirilyapti. Raqobat esa kuchayib bormoqda. Quvondiq Ro‘ziev “Navbahor” bilan vazifani bajarishga qanchalik ishonyapti?
- “Navbahor”dagi hozirgi yig‘ilgan tarkibga qaraydigan bo‘lsak, kuchli uchtalikka kirishimizga shubhalanmayapman. No‘’mon aka Hasanov o‘zining o‘yin uslubiga tushadigan futbolchilarni yig‘ib oldi. Jamoa o‘zagi saqlab qolindi va bir qator yaxshi o‘yinchilar qo‘shildi. Masalan, Bahrom Abdurahimov ham “Navbahor”ni kuchaytirishga qodir. U o‘tgan yili AGMKning uchinchi o‘rinni egallashida katta hissasini qo‘shgan. “Nasaf”da ham qanday o‘yinlar ko‘rsatganini bilamiz. Har bir chiziqda O‘zbekistonning eng yaxshi o‘yinchilari o‘ynaydi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Masalan, o‘tgan yili “Qo‘qon-1912”ning beshtalikka kirishini hech kim o‘ylamagandi. Har yili jamoamiz 9-10-o‘rinlarda yurardi. O‘tgan yili jamoaning ahilligi evaziga yaxshi natija ko‘rsatdi. Hattoki mavsum davomida 5-o‘rindan pastga ham tushmadik. Uchinchi o‘ringa ham imkonimiz bor edi. Faqat ayrim etakchilarimizning jarohat olgani bizga katta yo‘qotish bo‘ldi. Zaxirada o‘yinni kuchaytiradigan futbolchilar qolmagandi. Agar tarkibimiz to‘liq bo‘lganida 4-o‘rinni egallashimiz ham mumkin edi. Qo‘qon klubi o‘z tarixida ikkinchi marta 5-o‘rinni qayd etdi. “Navbahor”ning Turkiyadagi yig‘iniga kelsak, u erda yaxshi maydonlar bo‘ladi va kuchli raqiblar ham. Tayyorgarlik ham shunga yarasha kechadi. Nasib qilsa, chempionatga to‘liq tayyor holatda qaytib kelamiz. Kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlarda jamoamizning kuchli va kuchsiz tomonlari ko‘rinadi, bu esa foydamizga xizmat qiladi.
Fikrlar