Gʻijduvonda belboʻgli kurash boʻyicha Oʻzbekiston kubogi bellashuvlari oʻtkazildi

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Joriy yilning 14-17 oktyabr kunlari Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani sport majmuasida belbog‘li kurash bo‘yicha kichik o‘smirlar (U15, o‘g‘il va qiz bolalar) o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi o‘tkazildi.

Musobaqada mamlakatimizning barcha hududlaridan 400 nafar sportchilar g‘oliblik uchun kurash olib borishdi. Bellashuvlarning birinchi kuni o‘g‘il bolalar belbog‘li kurashning klassik yo‘nalishi bo‘yicha 14 ta vazn toifasida kuch sinashgan bo‘lsa, 16 - 17 oktyabr kunlari o‘g‘il bolalar va qizlar belbog‘li kurashning erkin yo‘nalishida o‘zaro bellashishdi. Murosasiz o‘tgan musobaqada umumjamoa hisobida eng ko‘p medallar bilan Buxoro viloyati jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Medallar jamg‘arish bo‘yicha ikkinchi o‘rin Farg‘ona viloyati jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni Andijon viloyati terma jamoasi egalladi. Shuningdek, musobaqaning birinchi kunida tantanali ochilish marosimi ham tashkil etildi. Yuqori saviyada o‘tgan mazkur ochilish marosimida G‘ijduvon tumani hokimi Farhod Umarov, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov, O‘zbekiston "Adolat" SDP Buxoro viloyat Kengashi raisi Maqsud Hamidov, belbog‘li kurash federatsiyasi Buxoro viloyati bo‘limi boshlig‘i Sohibjon Qosimov va boshqalar ishtirok etdi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlanishdi.

Ilhom RAHMONOV tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!