Grinvud qaytdi! U MYuni kuchaytira oladimi? Qamoqdan qutilib qolgan yigitcha haqida.
Bu filmning qahramoni hali o‘zini baxtli his qilayotgani yo‘q
Angliyada kattagina janjalga sabab bo‘lgan voqea o‘z yakuniga etdi. Meyson Grinvudga qo‘yilgan barcha ayblovlar olib tashlandi. Endi, 21 yoshlik futbolchi erkin qush. Sud jarayoni to‘liq tugatildi.
Uni nimada ayblashgan edi?
2022 yilda sobiq sevgilisi Garriet Robson tomonidan ijtimoiy tarmoqqa joylangan surat “Manchester Yunayted”ning iqtidorli futbolchisi uchun og‘ir kunlar boshlanganini bildiruvchi signal vazifasini o‘tab beradi. Ko‘p o‘tmay, turli ovozli xabar tariqasida yuborilgan nomalar internetda tarqalib ketdi. Unda, futbolchining kurakda turmaydigan so‘zlar bilan tahdid qilgani aks etgandi. 30 yanvar sanasida politsiya tergov-surishtiruv ishlarini boshlab yuboradi. O‘sha kuniyoq “Manchester Yunayted” tergov yakunlanguniga qadar futbolchini klub mashg‘ulotlarida ishtirok etishini ma’n etdi. Ish kattalashib ketgani sababli, uni FIFA 22 simulyatoridagi kartochkasi ham o‘chirib yuborildi. "Nike" kompaniyasi esa, u bilan hamkorlikni to‘xtatganini rasman e’lon qildi. “Qizil iblislar” jamoa muxlislari olib kelgan Grinvud ismi tushirilgan futbolkalarni boshqasiga almashtirib berdi. Umuman olganda, futbol olami Meysondan voz kechdi.

Nega undan barcha ayblovlar olib tashlandi?
2 fevral sanasida ushbu ma’lumot rasman e’lon qilindi. Bu haqda shu ish bilan shug‘ullanyotgan organ rasmiysi Mikael Kerr xabar berdi:
“Bu ish bilan OAV jiddiy qiziqqani bois, 21 yoshli gumonlanuvchidan barcha ayblovlar olib tashlangani haqida rasman e’lon qilishimiz adolatdan bo‘ladi. Tergov bilan shug‘ullangan xodimlar yuristlarning bergan ma’lumotlariga tayangan holda, barcha ayblovlar olib tashlanganini ma’lum qiladi. Vaziyat qanday davom etgani to‘liq sir bo‘lib qoladi. Shunga qaramay, kerakli shaxslarning ko‘rsatma berishdan bosh tortgani va dalillar yo‘qligi bois ish sudga oshmay to‘xtatildi”.
Grinvud “qizil iblislar” safida o‘ynaydimi?
Meyson bir yil davomida futboldan chetda qolishga majbur bo‘ldi. U so‘nggi bor 2022 yilning 22 yanvar sanasida “Vest Xem”ga qarshi bellashuvda maydonda to‘p surgan edi. O‘sha bahsda 83 daqiqa harakat qilgan forvardning o‘rniga Antoni Marsyal zaxiradan o‘yinga qo‘shilgandi. Hozircha, futbolchining klub bilan qanday munosabatda ekanligi aniq emas.

Shunga qaramay, manchesterliklar klubning rasmiy saytida futbolchining surati tushirilgan darchani olib tashlagani yo‘q. Hatto, u jinoiy javobgarlikka tortilishi taxmin qilingan maqolalar OAV tomonidan targ‘ib etilayotgan paytda ham. Jurnalistlar bu surat nega olib tashlanmagani haqida klub rasmiylariga bergan savolga shunday javob olgan edi: "Meyson sud jarayoniga tayyorgarlik ko‘rayotgani uchungina jamoa bilan birga mashg‘ulotlarda ishtirok etmayapti. Nima bo‘lganda ham u klubning bir bo‘lagi!" 2022/23 yilgi mavsum uchun jamoa o‘z qaydnomasini e’lon qilganida Grinvud ro‘yxatdan tushib qoldi. Shunga qaramay, uni yoshlar jamaosi uchun qaydnomaga kiritishdi. Aynan shu omil uni bemalol asosiy tarkibda maydon tushishi uchun imkon yaratadi. Qonuniy tomondan olib qaralsa, u klubning 21 yoshgacha bo‘lgan yoshlari safida to‘p surayotgan akademiya a’zosi. Demak, Meyson agar sport formasini tiklasa, bemalol “Old Trafford”ga qaytishi mumkin.
“Manchester Yunayted” undan barcha ayblovlar olib tashlangan kuniyoq rasmiy bayonot berdi:
“Klub Meysonning barcha ayblovlardan ozod etilganidan xabardor. Endi, “Manchester Yunayted” keyingi qadamni tashlashdan avval, o‘z harakatlarini yaxshilab o‘ylab oladi. Hozircha, bu vaziyat borasida hech qanday izoh bermoqchi emasmiz”.

Shu tariqa, bir yildan ortiq vaqt davom etgan voqea hozircha baxtli yakun topdi, biroq bu filmning qahramoni hali o‘zini baxtli his qilayotgani yo‘q. Shunday ekan, voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz. Siz esa, ushbu vaziyat borasida fikringizni izohlarda yozib qoldiring!
Ya . U


Izohlar (0)