
Gvadiola Husanovdan nega hayratga tushganini aytdi!
Abduqodir Husanov Angdiya Premer-ligasining 25-turidan o‘rin olgan “Manchester Siti” va “Nyukasl” o‘rtasidagi uchrashuvni to‘liq o‘tkazdi.
Ta’kidlash joizki, 20 yoshli markaziy himoyachining “qarg‘alar”ga qarshi namoyish qilgan o‘yini mutaxassislar tomonidan yuqori baholanmoqda. Shuningdek, o‘zbek futbolchisining uchrashuvdagi faolligi va xatti-harakatlari manchesterlik futbol ishqibozlariga ham har tomonlama ma’qul keldi.
Statistik markazlar ekspertlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Abduqodir ancha yaxshi ko‘rsatkichlarni qayd etdi. Legionerimiz ushbu o‘yin davomida 76 marta to‘pga teginishga muvaffaq bo‘lib, 68 ta uzatma berdi. Ularning 63 tasi jamoadoshlariga aniq etib bordi (94 %).
Bundan tashqari, iqtidorli himoyachi o‘yin davomida 7 bora uzoq masofaga uzatmani amalga oshirdi, raqib jarima maydonchasi atrofiga xavfli vaziyat keltirib chiqargan uchta pas uzatdi, sakkiz marotaba himoyaviy harakatlarni bajardi, barcha yakkakurashlarda g‘olib chiqdi va biror marta raqibga aldangani yo‘q,
Uchrashuvdan keyin Xosep Gvardiola Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashda asosiy raqobatchilaridan biri ustidan qozonilgan yirik hisobdagi g‘alaba ishtirokchilari haqida ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
- Bu bahsda biz aslida qanday jamoa bo‘lganimizni esga oldik. Joriy mavsum bugungi o‘yinga qadar bunaqa yuqori darajaga chiqa olmagandik. Lekin hech qachon harakatni to‘xtatmaganmiz. Faqat ayrim holatlarda harakatlar o‘xshamagan vaziyatlar ham bo‘ldi.
O‘yin tempi, shiddati va intensivligi menga ma’qul keldi. Niko Konsales va Abduqodir Husanov bugun juda zo‘r o‘ynadi. Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishimiz uchun bu kabi bellashuvlarda g‘alaba qozonish shart, - dedi Gvardiola.
“Shaharliklar” bosh murabbiyi Angliyaga ko‘chib o‘tganidan beri ilk bor to‘liq uchrashuv o‘tkazgan Abduqodir Husanovning kuchli va zaif tomonlarini ham aytib o‘tdi.
- Husanovning hujumga o‘tishdagi tezligi hafratlanarli darajada zo‘r va aynan mana shu xususiyati uchun uni tanlaganmiz. Haqiqatan, Abduqodir juda tezkor.
Biroq Abduqodir yakkakurashlarda g‘olib chiqolmasa, darrov ortiqcha darajada agressiv o‘yinchiga aylanib qoladi.
Husanov hali moslashish jarayonida, bu biroz vaqt talab qiladi, hali legionerimiz hamma narsani o‘rganib oladi, - dedi Xose Gvardiola “Manchester Siti” klubi rasmiy sayti vakillari bilan suhbatda.
Ta’kidlash joizki, endi “Manchester Siti”ni oldinda ikkita murakkab to‘qnashuv kutib turibdi. “Shaharliklar” 19 fevral kuni Madridda “Real” mehmoni bo‘ladi. Evropa Chempionlar ligasi pley-off bosqichining birinchi uchrashuvda Karlo Anchelotti shogirdlari “Etixad”dan 3:2 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgan. Xosep Gvardiola endi raqib maydonida revansh olishga urinib ko‘radi.
23 fevralda esa, manchesterliklarni Premer-liga peshqadami “Liverpul” bilan uy uchrashuvi kutib turibdi.
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola ushbu bo‘lajak bellashuvlarda Abduqodir Husanovga bemalol ishonch bildirishi kutilmoqda.
Fikrlar