
Gvardiola bir yana bir shogirdi bilan xayrlashyapti
“Manchester Siti” darvozabonlari tarkibida o‘zgarish bo‘lishi kutilyapti. “Shaharliklar” yozda “Byornli”dan klub tarbiyalanuvchisi Jeyms Traffordni qaytardi.
Bundan tashqari, manchesterliklar “Pari Sen-Jermen” posboni Janliuji Donnarummani olishga harakat qilyapti. “Manchester Siti” italiyalik darvozabonga yiliga 12 million evro miqdorida maosh berishni va’da qilgan.
Shu paytga qadar “shaharliklar” darvozasini qo‘riqlab kelgan Edersonga “Galatasaroy”dan taklif bor va muzokaralar davom etmoqda.
“Manchester Siti” germaniyalik golkiper Shtefan Ortegani ham transferga qo‘ygan. Xosep Gvardiola 32 yoshli darvozabon haqida iliq fikr bildirdi.
- Tez orada Shtefan Ortega masalasi hal bo‘lishiga umid qilyapman. Shtefan bizga chempionlikni taqdim qilgan. “Tottenxem” bilan bo‘lgan uchrashuvda hal qiluvchi vaziyatda Son Xyon Minning xavfli zarbasini bartaraf etgandi. Shu paytga qadar yaxshi saviyadagi darvozabonlarimiz borligi bizning omadimiz edi, - dedi Xosep Gvardiola.
Shtefan Ortega ilgari o‘z yurtida “Arminiya” va “Myunxen-1860” jamoalari darvozasini qo‘riqlagan. “Manchester Siti” 2022 yilning yozida uni erkin agent sifatida o‘z safiga qo‘shib olgan edi.
Fikrlar