Gvardiola: "O'yin yaxshi o'tdi, ammo g'alaba qozona olmadik"
"Manchester Siti" bosh murabbiyi Xosep Gvardiola "Tottenxem"ga qarshi uchrashuvdan so‘ng matbuot anjumanida fikrlarini bildirdi.
— Umuman olganda, o‘yin yaxshi o‘tdi, ayniqsa birinchi bo‘limda. Bizda qiyinchiliklar bo‘ldi, ammo futbolchilar qaytib kelyapti, jamoada juda yaxshi ruhni ko‘rdim.
Dominik Solankening birinchi goli haqida:
— Agar markaziy himoyachi hujumchiga shunday harakat qilsa, bu penalti hisoblanadimi? Albatta, shunday-ku.
Premyer-ligada chempionlik poygasidan voz kechish mumkinligi haqida:
— Oldinda hali 14 ta o‘yin bor ekan, qanday qilib? Imkoniyat bor ekan, umid ham doim bo‘ladi.
Jamoaning holati haqida:
— Erling Xoland yaxshi formaga qaytdi. Niko O’Rayli, Bernardu Silva va Rodri markazda bizga juda katta jismoniy kuch va ustunlik berdi. Oxirgi o‘yinlarda to‘p bilan ham, to‘psiz ham barqaror emas edik. Bu jihatni yaxshilashimiz kerak.
— Biz kerakli jarayonni yaxshi bajardik: imkoniyat bo‘lganda tezkor hujumga otdik, jarima maydoni atrofiga yetib bordik, birga-bir vaziyatlar yaratdik, ammo hatto zarba ham bermagan paytlarimiz bo‘ldi. Buni albatta yaxshilash lozim.
Umuman o‘yin haqida:
— Bu juda yaxshi o‘yin bo‘ldi. Afsuski, g‘alaba qozona olmadik.
"Tottenxem"ga qarshi o‘yin rejasi haqida:
— Reja to‘pni nazorat qilish, gol urish va gol o‘tkazmaslik edi. Keyin esa futbolchilar farqni yaratishdi.
Almashtirishlar haqida:
— Yangicha energiya bilan gol urishga harakat qilish uchun almashtirishlar qildik.
Rodrini almashtirgani va qizil kartochka xavfi haqida:
— Yo‘q, bu sabab emas edi. Bu hujumda yangi energiya berish, Fil Fodanni oldingi chiziqqa olib chiqib, uning iste’dodi bilan gol urishga urinish qarori edi.
Raqibning birinchi goli va VAR haqidagi savolga:
— Yana shu holat… Siz o‘zingiz ko‘rdingizmi? Mark Gexi to‘p bilan edi, orqadan tepildi va natijada gol hisoblandi. Nima dey olaman? Hech nima. Yana bir holat, — deya javob berdi Gvardiola.
Fikrlar