Gvardiola rўza tutgan futbolchilarini himoya qildi. Ular orasida Husanov ham bor!

  • 01.03.2026 11:02
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Angliya Premier-ligasining 28-turida “Manchester Siti” futbolchilari “Lids” maydonidan qiyinchilik bilan erishilgan minimal hisobdagi g'alaba bilan qaytdi. Antuan Semenyoning tanaffusga chiqish oldidan urgan yagona goli yagonaligicha qoldi.

Uchrashuvda “Manchester Siti”dagi musulmonlar futbolchilarning ro‘zasi ochib olishiga imkon berish maqsadida qisqa tanaffus berildi. Bu holat “Lids”ning ayrim muxlislari e’tiroziga sabab bo‘ldi.

“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola “Elland Roud” stadionida “Lids Yunayted” muxlislarining bir qismi tomonidan birinchi bo‘limda Ramazon ro‘zasini tutayotgan futbolchilarga iftor qilish imkonini berish uchun qilingan tanaffus hushtakbozlik bilan qarshi olinganidan so‘ng ularni ko‘proq “hurmat”ga chaqirdi.

Dunyo bo‘ylab musulmonlar muqaddas Ramazon oyida quyosh chiqishidan botishigacha ro‘za tutadilar va bu jarayonda “Manchester Siti”ning ko‘plab o‘yinchilari ham ishtirok etmoqda.

Muxlislar hushtagi Premier-liga o‘yinining 13-daqiqasida, G‘arbiy Yorkshirdа quyosh botishiga to‘g‘ri kelgan paytda yangradi, hakam o‘yinni vaqtincha to‘xtatib, “Manchester Siti”ning uch nafar musulmon futbolchisiga ro‘zani ochish imkonini bergan edi. Umar Marmush, Rayan Ayt-Nuri va Rayan Sherki bu imkoniyatdan foydalanib, og‘iz ochdi.  “Manchester Siti”ning yana bir musulmon futbolchisi Abduqodir Husanov esa zahira o‘rindig‘ida qolgan edi.

Uchrashuvdan keyin Gvardiola ushbu holatga izoh berib, e’tiqod va xilma-xillikni  hurmat bilan qabul qilish zarurligini ta’kidladi.

- Bu zamonaviy dunyo, to‘g‘rimi? Hozir dunyoda nima bo‘layotganiga bir qarang. E’tiqodni  hurmat qilish va xilma-xillikka bag‘rikeng bo‘lish kerak, hamma gap shu haqida. Premier-liga ro‘zani ochish uchun bir-ikki daqiqa ajratish mumkinligini aytdi va futbolchilar shunday qilishdi. Bor gap shu, - dedi Gvardiola.

Diskriminatsiyaga qarshi kurashuvchi Kick It Out guruhi keyinchalik bayonot berib, ushbu tanaffusni “bir necha yildan beri amal qilib kelayotgan kelishilgan protokol”, deb atadi.

Guruh bayonotida shunday deyilgan: “Bugun kechqurun “Elland Roud”da birinchi bo‘limda ro‘zasini ochayotgan “Manchester Siti” futbolchilariga “Lids Yunayted”ning ba’zi muxlislari hushtak chalgani juda achinarli”.

Ta’kidlash lozimki, bu protokol 2021 yili amaliyotga tadbiq etilgan bo‘lib, musulmon futbolchilari bor jamoalar Ramazon oyidagi o‘yinlar og‘iz ochish vaqtiga to‘g‘ri kelib qoladigan bo‘lsa, hakam bilan uchrashuv davomida qisqa muddatli tanaffus berish haqida kelishib oladi.

Bu musulmon futbolchilar va jamoalar uchun qo‘llab-quvvatlovchi muhit yaratishning muhim va ko‘zga ko‘ringan qismi hisoblanadi.

- Bu vaziyat futbolchilar uchun yangilik emas. Ikkala Rayan, Umar va Abduqodir ham birinchi marta ro‘za tutayotgani yo‘q. Ularning barchasi buni uddalashni juda yaxshi bilishadi, - dedi Xosep Gvardiola.

Vaziyatga “Lids” bosh murabbiyi Daniyel Farkening yordamchisi Edmund Rimer ham izoh berdi.

- Biz bor e’tiborimizni o‘yinga qaratgan edik, shuning uchun bu holatga ko‘p ahamiyat bermadik, ammo ba’zi muxlislar qilgan ishdan xafamiz, - dedi u.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!