"Hadeb murabbiylarni o‘zgartirgani bilan foyda yo‘q, legionerga aylansam kerak" - Shoxnazar Norbekov

  • 6 iyul, 2023, 00:42
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Turon”ni bir qator futbolchilar tark etishyapti. Ulardan yana biri Shoxnazar Norbekov. Chempionat boshida yaypanliklar safiga qo‘shilgan hujumchi chempionatda 1 ta gol urdi. Shuningdek, Superligada 2 ta assisti ham bor. Shoxnazar klubdan ketishi haqida Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- “Turon” uchun birinchi davra yaxshi o‘tmadi. Chunki g‘alabasiz yakunladi. Ustiga-ustak, bosh murabbiy rolida Bxatiyor Ashurmatov, Denis Bushuev va mana endi Yorqin Nazarov ishlayapti. Chempionatni ushbu klubda boshlash sizda afsuslanish hissini uyg‘otmadimi?

- Afsuslanish yo‘q. Bir nimaga qo‘l urdimi, bundan afsuslanish kerak emas, deb o‘ylayman. Chunki peshonaga yozilganini ko‘radi. Menga shu narsa nasib qilgan ekan, yaxshi odamlar bilan tanishdim. Menimcha, murabbiyni hadeb almashtiravergani bilan foyda yo‘q. Maydonda biz futbolchilar o‘ynaymiz. To‘g‘ri, bizni klubga Baxtiyor aka Ashurmatov olib kelgan. Bushuev ham yaxshi murabbiy, kuchli mutaxassis ekan. Lekin, baribir murabbiy o‘zgartirgan bilan jamoani Ashurmatov yig‘gan. Masalan, Shota Arveladze “Paxtakor”ga kelganida dastlabki yili chempion bo‘lolmadi. Ammo unga ishonch bildirildi va keyin o‘sha ishonchlarni oqlagan. Murabbiy dunyoqarashini, taktikasini tushuntirishi mumkin. Ammo o‘sha taktikalarni maydonda bajaradigan, o‘ynaydigani biz. Murabbiylarda ayb yo‘q. To‘g‘ri, balki qanaqadir kichik kamchiliklari bordir, ammo ishlagandan keyin unga vaqt berish kerak. Murabbiyni tez-tez o‘zgartiraversa natija qilish qiyin. Chunki futbolchilar endi bitta murabbiyni taktikasiga moslashayotganda, boshqasi keladi va yana boshqa taktikaga ko‘nikishga to‘g‘ri keladi, bunga ham vaqt kerak bo‘ladi. O‘rtada o‘yinchilar qiynaldi. Bizni kasbimiz futbol o‘ynash. Shuni orqasidan bola-chaqa boqamiz. Yutsak uydagilarni xursand qilamiz. Ammo hali chempionat yarmini g‘alabasiz o‘tkazmagandim. Bunaqasi birinchi marta bo‘ldi.

norbekov

- Bundan buyog‘iga “Turon”ni qanday tasavvur qilyapsiz?

- To‘g‘risi, rahbariyat har tomonlama sharoit qilib bergan. Moliyaviy tomondan ham hech qanaqa muammo yo‘q. Bu odamlar futbol uchun ko‘p ish qilishdi. Shunchaki, yo‘q bo‘lib ketishi, yordam ko‘rsatilmasa noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Ularni qo‘llab-quvvatlashsa yaxshi bo‘lardi. Baribir “Turon” egalari futbol uchun ko‘p ish qilishdi. “Turon”dan ketishimni Bushuev tark etganidan keyin sezgandim. Aslida undan oldin allaqachon ketsam ham bo‘lardi. Biroq professional sifatida nima bo‘lmasin jamoa bilan birga birinchi davrani tugatib qo‘yaman dedim. Takliflar ham bo‘ldi. Boshqa klubdagilar bizga kelib shug‘ullanib turgin, futbolchilar bilan til topishib turgin deyishdi. Ammo o‘rtada “Turon”dagilarni tashlab ketsam ham xunuk ish bo‘lardi.

- Keyingi rejangiz qanday? Ikkinchi davrani qaerda boshlamoqchisiz?

- Endi ta’tilga chiqdik. Hali hech kim gaplashganim va ko‘rishganim yo‘q. Qaerda to‘p surishimni o‘zim ham bilmayman. Bir-ikkita variantlar bor. Telefon qilishyapti. Hech kimga aniq javob aytganim yo‘q.

norbekov2

- Bir qator o‘yinchilar chetga ketishyapti. Sizni ham legioner sifatida ko‘rib qolishimiz mumkinmi?

- Xudo xohlasa, 90 foiz legioner bo‘lmoqchiman. Kelishib qolsak ketaman. Hali to‘liq aniq emas, kutyapmiz. Muzokaralar davom etyapti.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!