
Hakam zerikkanidan penalti berib yubormadi, muammo ularning o‘zida
17 yil o‘tgach, "Navbahor" O‘zbekiston Kubogi yarim finaliga yo‘l oldi. Jamoa va ayniqsa muxlislar bunga loyiq.
Bilasizmi, so‘nggi paytlarda futbolimizda hakamlarga bosimni juda kuchaytirib yuborayapmiz. Sun’iy tarzda. Har qanday yuqori saviyadagi uchrashuvda bu kabi elementlar sodir bo‘ladi. Hatto ba’zan VARning aralashuvi ham muxlislar kutgan narsani taqdim etmaydi. Chunki ayrim vaziyatlarga hamma o‘zi qarashni xohlagan tomondan qaraydi.
"Navbahor" - "Paxtakor" o‘yinida belgilangan penalti (ikkinchisi) adolatli yoki adolatsiz, bu haqda gapirish niyatim yo‘q. O‘ylaymanki, ularning har ikkisi yarim finalga chiqish uchun loyiq o‘yin ko‘rsatdi. Biroq kimdir yutishi kerak edi. Penaltiga keladigan bo‘lsak, baribir qandaydir asos bor edi (oz bo‘lsa ham). Hakam zerikkanidan penalti berib yubormadi. VAR ishlamagan o‘yinda inson faktorini ham inobatga olish kerak. Balki, qarama-qarshi tomonda shunday vaziyat yuzaga kelganda ham referi 11 metrlik nuqtaga ishora qilgan bo‘larmidi?!
Savol: Bizda haqamlik o‘zi qanday darajada?
Javob: Futbolimiz qanday bo‘lsa, hakamlik ham shunday.
"Sherlar" so‘nggi yillarda o‘zbek futbolining haqiqiy gegemoniga aylandi. Ular bilan bastlashadigan jamoa yaqin yillarda topilmadi. Bu mavsum vaziyat o‘zgardi. "Paxtakor" o‘yin va natijalar jihatdan oldingidek emas. Har holda, Arveladze yoki Xyuistra jamoasi bilan bunaqa muammolar vujudga kelmagan. Chindan ham kuchli jamoa baribir g‘alaba qozonadi. Bir o‘yinda durang, ikkinchisida esa "Navbahor" qiyinchilik bilan g‘alaba qozondi. Demak, muammo poytaxtliklarning o‘zida. Bor gap shu.
Xudayqulov Karim tayyorladi
Fikrlar