Hakim Fuzaylov: "Pro-ligada yaqqol kuchli klub yo‘q"

  • 31.03.2021 17:20
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Pro-liga 2-turi doirasidagi “Istiqlol” – “Dinamo” (1:2) uchrashuvidan keyin samarqandliklar bosh murabbiyi Hakim Fuzaylov Farg‘onadagi uchrashuv haqida to‘xtaldi.

“Farg‘onadagi o‘yin boshidan qiyin o‘tishini bilardik. Chunki avval ham aytgandim, pro-ligada yaqqol kuchli klub yo‘q, jamoalar kuchi deyarli teng. Sababi, o‘z oldiga faqat Superligani qo‘ygan klublar tarkibi ham deyarli to‘liq yangilangan va yangi o‘yinchilar maydonda o‘zaro til topishib ketishi uchun vaqt kerak bo‘ladi. Butun mavsum davomidagi o‘yinlar bugungidek deyarli teng kurashlar ostida o‘tishini va qaysi klub o‘yin davomida ko‘proq mehnat qilsa, o‘sha jamoa g‘alabani ilib ketishi mumkin.

Mixaylo Udod nega zaxirada qolyapti? Bu futbolchimiz kelganiga hali ko‘p bo‘lmadi va yaqinda nazorat bahsida jarohat ham oldi. U yangi muhitga moslashishi uchun vaqt kerak bo‘ladi.

Yoshlar jamoasi safida bo‘lgan Shoxruh Abdurahmonov o‘rnini to‘ldirish uchun oldimizda variantlar bor. Bugun Abdurahmonovning o‘rnida harakat qilgan Siroj Meliev gol urdi, o‘tgan o‘yinda Temur Hakimov o‘ynagandi, Oleg Marchuk ham bor. Shoxruh Turkiyadan qaytmoqda, u keyingi o‘yinlarda “Dinamo”ga yordam bera oladi. Abdurahmonovdan ham umidimiz katta.

Darvozabonimizning o‘yini haqida? Farhod Rahmatov hali yosh posbon, undan ham umidimiz katta. To‘g‘ri, hali xatolari bor, ammo u o‘z ustida ishlashda davom etmoqda. O‘z ustida tinmay ishlashda davom etsa, u kelajakda yaxshi darvozabonga aylanishi mumkin.

Tarkibdagi rotatsiya? Albatta, ikki o‘yinda g‘alaba qozonganimizga qaramay, tarkibda o‘zgarishlar qilishda davom etamiz. Keyingi o‘yinlarda ham kim yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rsa, o‘sha maydonga tushadi. Bizda yaxshi darvozabonlar bilan birga himoyachi, yarim himoyachi va hujumchilar bor. Ulardan foydalanamiz.

Tojikistonlik o‘yinchilarni Samarqandda ko‘rishimiz mumkinmi? To‘g‘ri, siz aytgandek O‘zbekiston chempionatida Ehsoni Panshanbe singari tojikistonlik yaxshi o‘yinchilar to‘p surishmoqda. Ehsoni o‘zimni qo‘l ostimda ham Tojikiston milliy jamoasida to‘p surgan. U yaxshi o‘yinchi. Agar moliyaviy imkoniyatimiz etsa, keyinchalik tojikistonlik o‘yinchilar ham tarkibda bo‘lishlari mumkin. Hozirgi holatimizda ularni taklif etishimiz qiyin, ammo kelajakda balki yaxshi o‘yinchi bo‘lsa, chaqirishimiz mumkin bo‘lar”, - deydi “Dinamo” bosh murabbiyi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!