Hammasi oydinlashdi: Shipilovning "Metallurg"dan ketishi natija bilan bog‘liq emas, balki...

  • 19 mart, 2021, 06:39
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Metallurg” klubiga 2017 yilning dekabr oyidan beri bosh murabbiylik qilib kelgan Andrey Shipilov yaqinda iste’foga chiqdi.

Ko‘pchilik ilk turda Termizda “Surxon”ga boy berilgan o‘yin tufayli uning “Metallurg” bilan xayrlashganini aytishmoqda. Vaziyatga oydinlik kiritish uchun jamoa boshlig‘i Shavkat Saidov bilan bog‘landik.

Mutaxassis barchasiga oydinlik kiritdi va shu bilan birga nima uchun bosh murabbiylikka Jasur Abduraimov tayinlanganini ham aytdi.

- Bir necha yillardan beri “Metallurg” klubining barqarorligini ta’minlash bo‘yicha rahbariyat qanday yordam kerak bo‘lsa, hammasini qilib beryapti, - deya gap boshladi Saidov. - Andrey Shipilov 2017 yilning dekabr oyida bosh murabbiy etib tayinlangan va uch mavsumni uning boshchiligida o‘tkazdik. O‘ylashimcha, natijalar yomon bo‘lmadi. Ikki yil kuchli beshtalikka kirdik. O‘tgan yili 7-o‘rinni oldik. Ushbu mavsumlarda Andrey Sergeevichning mehnatlari katta bo‘ldi. Buning uchun unga o‘zimiz va rahbariyat tomonidan minnatdorlik bildiramiz. O‘tgan vaqt davomida tartib-intizom, infrastrukturaning shakllanishi, jamoa o‘yini yo‘lga qo‘yilishida Shipilov boshchiligida katta ishlar qilindi. Andrey Shipilovning ketishi natija bilan bog‘liq emas. “Surxon”ga yutqazgan o‘yinimizni ham iste’fosiga hech qanday bog‘liqlik joyi yo‘q. Oilaviy sharoitidan kelib chiqqan holda “Surxon” bilan uchrashuvdan keyin ketdi. Bungacha ham murabbiyning oilaviy muammolari bor edi. Hammamizga rahmat aytib, shu sabab tufayli ketishini ta’kidlab, iliq munosabatda xayrlashdik. Yangi rahbariyat tomonidan unga hali chiqish eshiklari ko‘rsatilmagandi. Shu bois, baribir ma’lum vaqt uni yana qarori o‘zgarishini kutdik. Ketganini aytganida ham, biz bosh murabbiy qidirmasdan, o‘zining shtabidagi birinchi yordamchi murabbiy Fevzi Davletov bilan tayyorgarlikni davom ettirdik. Keyin yana Andrey Sergeevich bilan bog‘landik. Rahbariyat bizdan "Shipilovni qaytadimi?" deb so‘ragandi va kelmasligini aytganimizdan keyin, ayrim nomzodlardan kelib chiqqan holda Jasur Abduraimov variantida to‘xtaldi. “Bunyodkor” bilan o‘yin kuni ertalab Abduraimov bosh murabbiy sifatida tanishtirildi.

saidov1

Jasur Abduraimovga kelsak, tayinlanishidan bir kun avval o‘zi bilan suhbatlashgandik. Bizga o‘zining rejaviy dasturini taqdim qilgan. Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha ishtiyoqi baland. “Paxtakor” maktabidan chiqqan. “Metallurg”dagi bir qator futbolchilar uchun ham Abduraimov begona emas. Rahbariyat tomonidan ham yoshlarga e’tibor yanada kuchaytirilishi kerak, degan fikr ilgari surildi. Turli yoshdagi termalarda ham faoliyat olib borgan. Shota Arveladzega ham yordamchi bo‘lib tajribasini orttirgan. Yuqorida aytganlarimning barchasi hisobga olingan holda Jasur Abduraimovning nomzodi ma’qullandi. Unga hamma sharoitlar ko‘rsatildi va o‘ziga ham ma’qul keldi. “Mash’al”ga qarshi uchrashuvga jamoani o‘zi tayyorlayapti.

Yilning oxirigacha shartnoma imzolandi. Asosiy maqsad har bir uchrashuvda maksimal darajada g‘alaba qozonish. Iloji boricha o‘tgan yilgi natijadan yuqoriroq ko‘rsatkichni qayd etish va kamida undan past bo‘lmagan vazifa qo‘yildi.

saidov_11

Yanvar oyida klubimiz rahbariyatida o‘zgarishlar bo‘lgan. O‘shanda yangi rahbariyat klubni o‘rganib chiqqanida, hech qanday o‘zgarishlarga qo‘l urilmasdan, o‘z ishimizda davom etishimizni vazifa qilib qo‘ygandi. Andrey Shipilovning ketishi hammamiz uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Har bir inson uchun oila muhim. Biz uni majburlay olmaymiz. Ikki tomonla o‘zaro kelishilgan holda shartnoma bekor qilindi – deya so‘zini yakunladi Shavkat Saidov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!