Hindiston boks federatsiyasi Osiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston ustidan qozonilgan gʻalabadan hayratda
Hindiston boks federatsiyasi prezidenti Adjay Singh Osiyo oʻyinlari doirasida oʻtkazilgan boks musobaqasida milliy terma jamoa medallar umumiy hisobida yetakchi boʻlgani haqida fikr bildirdi, - deb xabar bermoqda Press Trust of India nashri.
Hindiston terma jamoasi jami olti medalni qoʻlga kiritdi — uchta oltin va uchta bronza. Shu tariqa hind bokschilari Osiyo oʻyinlarining boks boʻyicha musobaqasida umumjamoaviy hisobda birinchi oʻrinni egalladi. Ikkinchi oʻrinni Oʻzbekiston, uchinchi oʻrinni esa Qozogʻiston bokschilari band etdi.
Adjay Singhning taʼkidlashicha, Hindiston bu safar anʼanaviy ravishda kuchli hisoblangan Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Xitoy boks maktablarini ortda qoldirdi. U bu natijani soʻnggi yillarda yirik xalqaro musobaqalarda qayd etilgan muvaffaqiyatlar mantiqiy davomi sifatida baholadi.
- Men juda ham faxrlanaman. Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Xitoy — yetakchi boks davlatlarini ortda qoldirib, Osiyoda birinchi raqamli jamoaga aylanish — bu haqiqatan ham katta yutuq. Bu — bir qator kuchli chiqishlarimiz samorasi. Hindiston oʻtgan yili Liverpulda boʻlib oʻtgan jahon chempionatida uchinchi oʻrinni, Osiyo chempionatida ikkinchi oʻrinni egalladi, Hamdostlik oʻyinlarida gʻolib boʻldi va endi Osiyo oʻyinlarida ham birinchi boʻldi. Jamoa juda yaxshi oʻyin koʻrsatmoqda, bokschilarimiz oʻz kuchiga ishonadi. Endi esa asosiy vazifa — Olimpiadaga puxta tayyorgarlik koʻrish, — dedi Singh.
Musobaqa yakunlariga koʻra, Hindistonning uchta oltin medalini Lovlina Borgohain, Parvin Xuda va Ankush Panghal qoʻlga kiritdi. Bronza medallarini esa Kapil Pokxariya, Narender Berval va Priya Gangxas keltirdi.

Fikrlar