Asosiy mazmunga oʻtish

Futbol

Husanov “Barsa”dagi raqobatchilardan kuchli

Zohir Toshxo'jayev
Izohlar: 0

Ekspertlar Abduqodirning “Barsa”ga transferini muhokama qilyapti

Keyingi paytda “Manchester Siti” atrofida yuzaga kelgan vaziyat tufayli jamoa yetakchilarining boshqa klublarga o‘tib ketishi mumkinligi ko‘p muhokama qilinmoqda.

Xususan, Yevropa nashrlari Abduqodir Husanovga Angliyaning “Chelsi”, “Aston Villa”, “Everton” va “Bortmunt” kabi klublari qiziqayotgani haqida ma’lumot tarqatgan edi. Endi esa, o‘zbek futbolchisiga da’vogarlar qatoriga Ispaniya chempioni “Barselona” ham qo‘shilgani haqida xabarlar chiqa boshlandi.

Jahon futboli ekspertlari bu transferni har tomonlama muhokama qila boshlandi. Ular 22 yoshli Husanovning o‘yini “Barselona” markaziy himoyachilari bilan taqqoslashda Sofascore statistik portali ko‘rsatkichlarini keltirmoqda.

Mutaxassislar fikricha, “Barselona”ga maydonda muvozanat juda zarur. Shuning uchun, masalan, yozda tayanch yarim himoyasi uchun Rodri olib kelingan. Husanovning transferi ham barqarorlikni oshirishga xizmat qiladi. U himoyaviy o‘yin sifatlari bo‘yicha ehtimoliy raqiblaridan ustun.

Abduqodirni Pau Kubarsi bilan taqqoslamaymiz, chunki Kubarsining asosiy tarkibdagi o‘rni to‘liq kafolatlangan. Biroq Jerar Martin, Jyul Kunde va Erik Garsiya bilan taqqoslashga arziydi.

Birinchidan, Husanov ularning barchasidan yosh.

Ikkinchidan, to‘pni olib qo‘yish, raqib uzatmalarini to‘xtatish, zarbalarni to‘sish, yerda va havodagi yakkama-yakka kurashlarda g‘alaba qozonish bo‘yicha ko‘rsatkichlari yaxshiroq.

Uchinchidan, Abduqodirning bo‘y-basti va jismoniy kuch-quvvati “Barsa” markaziy himoyachilaridan ustun.

Sofascore statistik portali tahliliga ko‘ra, Abduqodir Husanov bir o‘yindagi aniq uzun uzatmalar soni, to‘pni olib qo‘yishlar, to‘pni olib qo‘yishga qaratilgan harakatlar, to‘sib qolinagan zarbalar, yerda yakkama-yakka kurashlardagi g‘alabalar soni, yerda yakkama-yakka kurashlarda g‘alaba qozonish foizi, havodagi yakkama-yakka kurashlarda g‘alaba qozonish foizi bo‘yicha Jerar Martin, Jyul Kunde va Erik Garsiyadan ancha oldinda ekani qayd etilgan.

Statistik ko‘rsatkichlardan kelib chiqib aytish mumkinki, Husanov raqiblariga deyarli hech qanday imkoniyat qoldirmasdan, himoyaning turli hududlarini ishonchli nazorat qila oladi. Bu jihatdan u “el-klasikoda” Yamalni samarasiz harakat qilishga majbur etgan Kukurelyaning o‘yini eslatadi.

Husanovning “Barsa”ga o‘tishiga nima to‘sqinlik qilishi mumkin?

Husanov transferi bo‘yicha asosiy jiddiy xavotir “Barselona” mutasaddilarining “Manchester Siti” rahbariyati bilan kelisha oladimi yoki yo‘q, degan masalaga bog‘liq.

FullTime Report nashri Manchester Superklubining moliyaviy qoidalarni buzgani bilan bog‘liq muammolarni va bu holatda ularga qanday jazo qo‘llanishiga qarab, klubdan futbolchilarning ketishi mumkinligini tilga olmoqda. Biroq sud jarayoni hali yakunlanmagan bir paytda bu muammolar transferga qanday ta’sir ko‘rsatishini oldindan aytishga qiyin.

Husanovning transferi “Barselona” uchun juda foydali xaridga aylanishi mumkin. Ammo himoyachini qo‘lga kiritish oson bo‘lmaydi. Mana shu to‘siqlar fonida “Barselona” rahbariyati o‘zbek futbolchisi bo‘yicha qanday qarorga borishi ko‘pchilikni qiziqtirib turibdi...

Ulashish
SPORTS.uz'ning Facebook'dagi sahifasiga a’zo bo‘ling!

Izohlar (0)

Hozircha izohlar yo'q