Husanov, bizga otsang to‘liq o‘ynaysan! Transfer bo‘ladimi?

  • 28.09.2026 06:43
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Angliyaning mashhur klublaridan hisoblangan "Chelsi" Abduqodir Husanovni qishda olib kelishga jiddiy qiziqmoqda. "Manchester Siti" himoyachisi Abduqodir Husanov yaqin vaqt ichida jamoasini almashtirishi mumkin. 

Bu haqida ingliz ommaviy axborot vositalari, xususan, jurnalist Saymon Fillips xabar bermoqda.

Manbaning ma'lum qilishicha, Husanovga eng katta qiziqishni "Chelsi" klubi bildirmoqda. London jamoasi vaziyatni yaqinidan kuzatib bormoqda va futbolchini qishki transfer oynasidanoq o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtiryapti.

Abduqodir hozirgi paytda Enzo Mareska qo‘l ostida "Manchester Siti"ning asosiy tarkibida doimiy o‘ringa ega emas. Chempionatning oxirgi ikki uchrashuvida italyalik mutaxassis 22 yoshli o‘zbek futbolchisini zahirada qoldirdi. 

"Chelsi" klubi, xususan, bosh murabbiy Xabi Alonso esa Abduqodirga asosiy tarkibdan joy va’da qilish orqali futbolchini qishda Londonga ko‘chib o‘tishga ko‘ndirishni maqsad qilgan.

Qolaversa, ekspertlarning ta’kidlashicha, Husanov nafaqat markaziy, balki o‘ng qanot himoyachisi sifatida ham o‘ynay oladi. Bu esa "Chelsi" bosh murabbiyi Xabi Alonso qo‘llayotgan uch himoyachiga asoslangan taktik sxemaga juda mos keladi. Mazkur tizimda o‘zbek futbolchisi o‘ng markaziy himoyachi pozitsiyasida maydonga tushishi mumkin.

Xabarlarga ko‘ra, "Chelsi" yaqin kunlarda Husanovning agenti bilan bog‘lanib, yanvar oyida amalga oshishi mumkin bo‘lgan transfer shartlarini muhokama qilishni rejalashtirgan.

Eslatib o‘tamiz, professional darajada avval Belarusning "Energetik-BGU" va Fransiyaning "Lans" klublari sharafini himoya qilgan Abduqodir Husanov 2025 yilning yanvaridan "Manchester "Siti" o‘yinchisi hisoblanadi. 

O‘zbek futbolchisi o‘tgan mavsumda manchesterliklar safida Angliya kubogi va Angliya ligasi kubogi kabi nufuzli sovrinlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.   

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!