Husanov va Donnarumma oʻrtasidagi hazilomuz “janjal” ijtimoiy tarmoqlarda virusga aylandi
Angliya kubogi-2026 finalidagi g‘alabadan keyin muxlislar “Manchester Siti”ning sovrinidan tashqari Abduqodir Husanov va Janluiji Donnarumma ishtirokidagi qiziqarli holatni ham faol muhokama qilmoqda.
Kulgili vaziyat aks etgan video Instagram’da Benforrest foydalanuvchisi tomonidan e’lon qilindi. Kadrlarda futbolchilar taqdirlash marosimidan keyin bayramona qog‘ozlar sochilgan “Uembli” maydonida turganini ko‘rish mumkin.
Donnarumma hazil tariqasida bayram bezaklarini olib, uni Abduqodir Husanovning boshiga tashladi. O‘zbekistonlik himoyachi esa bu hazilga tezda javob qaytardi — boshidagi qog‘ozlarni silkib tashlab, kulib darvozabon tomon yugurdi.
Shundan keyin ikki futbolchi o‘rtasida hazilomuz “janjal” boshlandi. Husanov hatto Donnarummani bo‘ynidan ushlashga ham urindi. Ushbu epizod qisqa vaqt ichida ijtimoiy tarmoqlarda ommalashib, muxlislarning ko‘plab ijobiy fikrlariga sabab bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Angliya kubogi finalida “Manchester Siti” “Chelsi”ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi va mavsumdagi ikkinchi sovriniga ega chiqdi. Abduqodir Husanov uchrashuvni asosiy tarkibda boshlab, maydonda to‘liq harakat qildi. Bu hamyurtimizning Angliya grandi safidagi ikkinchi sovrini bo‘ldi.

Fikrlar