Husanov va yana ikkitası! Kolumbiyaga qarshi ishonchli oqlay olmagan futbolchilar nomi ma'lum bo'ldi
O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatidagi ilk uchrashuvini omadsiz boshladi – Fabio Kannavaro shogirdlari Kolumbiyaga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Oldinda esa, yana bir jiddiy sinov – birinchi turda Kongo Demokratik Respublikasini yuta olmagan, shu bois g‘alabaga chanqab turgan Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi alamzada Portugaliya kutyapti.
FIFA reytingida Kolumbiya O‘zbekistondan 37 pog‘ona yuqori turadi. Shu jihatdan natija kutilgandek tuyuladi. Biroq Yevro-Futbol nashri o‘yinni sinchiklab tahlil qilib, mag‘lubiyatga alohida futbolchilar qay darajada sababchi bo‘lganini baholashga urindi.
Eng yuqori baho – 10 ball (o‘yin boshidagi start bahosi – 6,0).
RUSTAM ASHURMATOV – 3,0.
Ashurmatov orqadan hujumni boshlashga urinib ko‘p xato uzatmalar qildi. Eng muhim epizod esa – Munyosning goli oldidagi vaziyat. Dias uzatgan to‘pga Munyos jarima maydoniga yugurib kirib, sakrab turib hisobni ochdi, Rustam esa bu harakatni umuman kutmagan edi.
Kolumbiyaliklar epizodni mahorat bilan yakunladi, Ashurmatov esa vaziyatni o‘qishga ulgurmadi – shu yerda daraja va saviya orasidagi farq yaqqol ko‘rindi.
Rustam O‘zbekiston, Janubiy Koreya, Rossiya chempionatlarida o‘ynagan, hozir Eronda to‘p surmoqda. Munyos esa Angliya, Dias esa Angliyadan so‘ng Germaniya chempionatida maydonga tushmoqda. Farqning asosiy sababi ham shu yerda.
O‘TKIR YUSUPOV – 3,0.
Kolumbiyaning birinchi golida Yusupov jamoasini qutqarib qololmadi – Munyos zarbasi darvozabon qulog‘i ustidan o‘tib, to‘g‘ri darvozaga yo‘l oldi.
Ikkinchi golda esa xatoning asosiy qismi aynan darvozabon zimmasiga tushdi: Dias zarbasi oldida O‘tkir qo‘lini qattiqroq qo‘ymadi, natijada to‘pga tegish hech qanday foyda bermadi. Ba’zi epizodlarda Yusupov chiqishlarda ham ishonchsiz o‘ynab, to‘pni raqibga sovg‘a qilib qo‘ydi.
ABDUQODIR HUSANOV – 3,0.
Angliya chempionatida to‘p surishiga qaramay, Husanovga xalqaro miqyosdagi katta o‘yinlarda tajriba hali yetishmayotgani ko‘rindi.
Luis Dias qanotda Abduqodirni bir necha bor osonlikcha aldab o‘tib ketdi. 32-daqiqaga kelib, Husanov Diasning orqa tomonga kirib borishini o‘tkazib yubordi – kolumbiyalik yulduz darvoza ustuniga tegib chiqqan xavfli zarba yo‘lladi.
65-daqiqada esa aynan Husanov himoyasi ostida Dias g‘alaba golini urdi. Bundan tashqari, Diasga qarshi ikki marta qo‘pol o‘ynagani uchun Husanov maydondan chetlatilishi ham mumkin edi. Birinchi bo‘limda u sariq kartochka oldi, ikkinchi bo‘limda esa o‘xshash folga hakam ikkinchi ogohlantirishni bermay, futbolchini ayadi.

Fikrlar