Husanov yoniga yana bir o‘zbek qo‘shildi! O‘zbekiston UEFA Chempionlar ligasida Qozog‘iston o‘zib ketdi
Yevropa futbolining eng nufuzli musobaqasi – Chempionlar ligasining yangi mavsumida umumiy guruh bosqichidagi ishtirokchilar soni bo‘yicha O‘zbekiston qo‘shni Qozog‘istondan o‘zib ketdi.
Ozarbayjonning amaldagi chempioni “Sabah” musobaqaning pley-off bosqichida Isroilning “Xapoel Be’er-Sheva” jamoasini javob uchrashuvida 5:2 hisobida mag‘lub etib, Chempionlar ligasining asosiy bosqichiga chiqdi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, Ozarbayjon klubi 6:4 hisobida g‘alaba qozondi.
Shu tariqa, Chempionlar ligasining asosiy bosqichida birdaniga ikki nafar o‘zbekistonlik futbolchi – “Manchester Siti” himoyachisi Abduqodir Husanov va “Sabah” yarim himoyachisi Umarali Rahmonaaliev ishtirok etadigan bo‘ldi.
Qozog‘iston nomidan esa, “Sabah” darvozaboni Stas Pokatilov maydonga tushadi.
- Rahmonaaliev javob uchrashuvining qahramonlaridan biri bo‘ldi. “Sabah” javob o‘yinida 1:2 hisobida ortda borayotgan paytda aynan o‘zbekistonlik yarim himoyachining 74-daqiqada urgan golidan so‘ng hisob tenglashdi va jamoa kurashga qaytdi. Qo‘shimcha vaqtda mezbonlar yana ikki marta gol urib, ta’sirli kambèkni rasmiylashtirishdi, - deb yozdi sports24.kz sayti.
Uchrashuvdan so‘ng Rahmonaaliev flesh-intervyuda g‘alaba haqida fikr bildirdi:
- Allohga shukr, biz g‘alaba qozondik. Juda ko‘p muxlislar keldi, ular bizga katta dalda bo‘ldi. Aytish mumkinki, bu o‘yin butun Ozarbayjon xalqini birlashtirdi. Men hayajondaman. Buni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi.
Oldingi o‘yinlarda bizda ko‘plab imkoniyatlar bo‘ldi, ammo ulardan foydalanolmadik. Murabbiylar bugun gol urish kerakligini aytishdi. Ular imkoniyat paydo bo‘lishi bilanoq darvozaga zarba berishni maslahat qilishdi.
Chempionlar ligasining asosiy bosqichida kuchsiz jamoalar yo‘q. Biz raqib tanlamasligimiz kerak. Ammo “Real”ga qarshi “Santyago Bernabeu”da o‘ynash juda zo‘r bo‘lar edi.
Endi Chempionlar ligasida ikki o‘zbek o‘ynashi haqida so‘rashyapti. Husanov va men. Bu ajoyib! O‘zbekistonlik muxlislar doimo bizlarni qo‘llab-quvvatlashadi. Endi ular “Sabah”ning o‘yinlarini ko‘rish uchun Ozarbayjonga kelishadi, - dedi Umarali Rahmonaaliev.
Shu tariqa, hozirgi holatga ko‘ra, O‘zbekiston Chempionlar ligasining asosiy bosqichida birdaniga ikki futbolchi – Abduqodir Husanov va Umarali Rahmonaalievga ega. Qozog‘istonning musobaqadagi yagona vakili esa Stas Pokatilov bo‘ladi.

Fikrlar