Husanovning assisti inobatga olinmadi, Shomurodov va Fayzullaev jamoasi mag‘lub bo‘ldi, Sergeev esa “Persepolis” safida navbatdagi golini urdi!
Bugungi kunda xorij chempionatlarida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar soni tobora ortib bormoqda. Deyarli har hafta legionerlarimiz gol yoki assistlari bilan muxlislarni xursand qilmoqda. Xo‘sh, yakunlangan hafta ular uchun qanday kechdi?
Dastlab, Angliya tomon yo‘l olamiz.
“Manchester Siti”ning asosiy futbolchilaridan biriga aylanib ulgurgan Abduqodir Husanov hafta o‘rtalarida Angliya Premer-ligasining 26-turi doirasida “Fulxem”ga qarshi bahsda ishtirok etdi. So‘nggi o‘yinlarda ketma-ket asosiy tarkibda maydonga tushayotgan himoyachi bu safar uchrashuvni zahirada boshladi.
Shunga qaramay, bosh murabbiy Pep Gvardiola uning xizmatlariga ehtiyoj sezdi. Sababi, ikkinchi taymda “Siti” o‘yini biroz susaydi va raqibda qulay vaziyatlar paydo bo‘la boshlandi. Shundan so‘ng Gvardiola 60-daqiqada Mateush Nunyeş o‘rniga Abduqodir Husanovni maydonga tushirdi. Hamyurtimiz himoyaning o‘ng qanotida harakat qildi.
Qariyb yarim soat davomida maydonda bo‘lgan Husanov ishonchli o‘yin namoyish etdi va jamoasining 3:0 hisobidagi g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi. Uchrashuvdan so‘ng Pep Gvardiolaning Husanov haqidagi fikrlari ham e’tiborni tortdi.
— “Husanovning o‘ng qanotdagi harakatlari menga Kayl Uokerning eng yaxshi davrlarini eslatdi”, — dedi mutaxassis.
Shundan so‘ng “Manchester Siti” o‘tgan shanba kuni Angliya Kubogining 1/16 bosqichi doirasida quyi liga vakili “Salford”ga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuvda manchesterliklar 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Abduqodir esa bu bahsda to‘liq 90 daqiqa harakat qildi.
Mazkur uchrashuvda uning a’lo darajadagi uzatmasidan so‘ng Omar Marmush gol kiritgan edi, biroq ofsayd sababli gol bekor qilindi. Husanov bu o‘yinda himoyaning markazida harakat qildi va ayniqsa uzoq masofaga uzatmalari bilan ajralib turdi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, u 3 ta “long boll” amalga oshirdi va ularning 2 tasi aniq manzilga yetib bordi. Shuningdek, u “Salford”ga qarshi bahsda jami 11 ta himoyaviy harakatni amalga oshirib, himoyachilar orasida eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etdi.
Ko‘rib turganingizdek, Abduqodir Husanov hozirda jamoaning muhim futbolchilaridan biri hisoblanadi.
Navbat Turkiyadagi legionerlarimizga:
“Istanbul Boshakshehir” sharafini himoya qilayotgan Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullaev faoliyatiga to‘xtalamiz. Klub joriy mavsum oldidan tarkibiga bir qator yuqori saviyadagi futbolchilarni qo‘shib olib, chempionatning yuqori pog‘onalari uchun kurash olib bormoqda. Yozda jamoaga kelib qo‘shilgan ikki nafar o‘zbekistonlik futbolchi esa qisqa vaqt ichida yetakchilarga aylandi.
Buni bosh murabbiy Nuri Shahinning fikrlari ham tasdiqlaydi. Mutaxassis Shomurodov jamoa uchun juda muhim futbolchi ekanini alohida ta’kidladi:
— “Meningcha, Shomurodov ligamizdagi eng aqli hujumchilardan biri. Hozir u ko‘proq qanotlarda harakat qilmoqda va juda to‘g‘ri qarorlar qabul qilayapti. Biz undan maksimal foyda olishga intilyapmiz. Maydonda unga erkinlik va liderlik berayapmiz”.
Biroq yakunlangan hafta “Boshakshehir” uchun omadsiz kechdi. Jamoa o‘z maydonida turnir jadvalida yonma-yon borayotgan “Beshiktosh”ni qabul qilib, 2:3 hisobida alamli mag‘lubiyatga uchradi. Ushbu bahsda Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullaev asosiy tarkibda maydonga tushdi. Har ikki futbolchi ham gol urishga juda yaqin keldi, biroq ularning zarbalari darvoza to‘sinigа tegdi yoki darvozabon tomonidan qaytarildi.
Ma’lumki, Eldor Shomurodov to‘purarlar poygasida yetakchilik uchun kurash olib bormoqda. “Beshiktosh”ga qarshi bahsda gol ura olmagach, u peshqadamlikni Pol Onuachuga boy berdi. Ayni paytda Onuachuu hisobida 16 ta gol bo‘lsa, Eldor 15 ta gol bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Hozirda “Boshakshehir” 33 ochko jamg‘arib, Turkiya Superligasi turnir jadvalida 5-o‘rinni egallab turibdi.
Endi Osiyodagi legionerlarimiz faoliyatiga to‘xtalamiz:
Eron chempionatida to‘p surayotgan legionerlarimiz soni hozirda 5 nafarni tashkil etadi. Qishki transferlar oynasida “Persepolis”ga ko‘chib o‘tgan Igor Sergeyev yangi jamoasida g‘ollar urishni boshladi. U “Gol Gohar” darvozasiga chiroyli gol kiritdi, biroq “Persepolis” mazkur bahsda 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ushbu o‘yinda Oston Urunov qaydnomaga kiritilmadi. Ayni paytda “Persepolis” 34 ochko bilan turnir jadvalida 5-o‘rinda bormoqda.
Shuningdek, Rustam Ashurmatov va Jaloliddin Masharipov harakat qilayotgan “Istiqlol”, Odil Hamrobekov to‘p surayotgan “Traktor” klublarining Elita Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtiroki sabab ularning Eron chempionati 21-tur uchrashuvlari qoldirildi.
BAA chempionatida ham legionerlarimiz navbatdagi tur bahslarini o‘tkazdi. “Al-Bataeh” klubi Aziz G‘aniev asosiy tarkibda maydonga tushgan o‘yinda “Al-Dafra” bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Hamyurtimiz to‘liq 90 daqiqa harakat qildi. Otabek Shukurov harakat qilayotgan “Baniyas” klubi esa o‘z uchrashuvini 22 fevral kuni o‘tkazadi.
Shu tariqa, legionerlarimiz yana bir hafta davomida turli chempionatlarda o‘zlarini namoyon etishdi.
Fikrlar