
Husanovning “Siti”dagi kelajagiga oydinlik kiritildi!
O‘zbekiston futbolida Maksim Shatskixning o‘z o‘rni bor. “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi professional faoliyati davomida Rossiya, Qozog‘iston va Ukrain jamoalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan.
Maksim Shatskix Ukraina chempionatlari tarixidagi eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi. Uning O‘zbekiston milliy terma jamoasida 61 ta uchrashuvda 34 ta gol urib, o‘z davrida to‘purarlik rekordini o‘rnatgan va uning natijasini yaqinda Eldor Shomurodov yangiladi.
Ayni paytda “Paxtakor” klubi prezidenti maslahatchisi bo‘lib ishlayotgan Maksim Shatskix Sports24 sayti jurnalistlariga bergan intervyusida Abduqodir Husanov haqida fikr bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatiga chiqish imkoniyatini baholadi.
Sports.uz portali ushbu intervyuni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
- Husanov haqida qanday fikrdasiz? Keyingi o‘yinlarda Xosep Gvardiola uni maydonga tushirmayapti. Sizningcha, Abduqodir yana “shaharliklar” asosiy tarkibida o‘ynaydimi?
- Oxirgi uchrashuvlarda o‘ynamagani hech narsani anglatmaydi. Abduqodir asosiy tarkibda o‘ynaydi. Men avval ham aytganman, yana ta’kidlayman: Husanov – “Manchester Siti”ning keladagi! U albatta o‘ynaydi.
Kechirasiz-u, Husanov endi 21 yoshga to‘lgan. Hisobida “Manchester Siti” uchun yuqori darajada o‘tkazgan bir necha uchrashuvi bor.
Hozir bu jamoa qayta shakllantirilyapti va bu jarayon hali davom etadi. Hech kimga sir emas, hozirgi “Manchester Siti” o‘ziga o‘xshamayotganini hamma ko‘rib turibdi. Shu bois, jamoa qayta tiklanyapti. Husanovni aynan amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga moslab olib kelishgan.
Real olib qaraganda, Abduqodir juda sifatli futbolchi. Shuningdek, juda yaxshi inson. Uning futbol intellekti va jismoniy imkoniyatlari yuqori. Evropa miqyosida superklubda o‘ynash uchun barcha imkoniyatga ega. Avvaliga o‘ynatib, keyin maydonga tushirilmagani futboldagi oddiy rotatsiya. Bu normal holat.
- Har qanday holatda ham Abduqodir APL grandida tajriba to‘playapti...
- Husanov “Manchester Siti”ga ko‘shildi va u erdan chiqib ketmaydi. Faoliyatida hammasi joyida bo‘ladi. Hammasi o‘ziga bog‘liq. Abduqodir psixologik jihatdan juda bardoshli. Jahon futbolida xatodan keyin o‘ziga kela olmaydigan himoyachi va darvozabonlar bo‘ladi. Lekin Husanov unaqalardan emas!
Abduqodir bu masalada juda xotirjam, hissiyotlariga bog‘lanib qolmaydi. Bu borada juda yaxshi sifatlarni o‘zida mujassam qilgan.
- Husanovni afsonaviy himoyachilarga qiyoslasak bo‘ladimi? Masalan, Karles Puyol yoki Jerar Pikega?
- Puyol bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Ruhiyat nuqtai nazaridan u biroz boshqacha o‘yinchi. Husanov – juda madaniyatli, tarbiyali, kamgap. Abduqodir deyarli gaplashmaydi va jimgina ishini bajaradi. Pike bilan ham solishtirish to‘g‘ri emas. Yana kim bilan taqqoslash mumkin?
- Pepe bilan taqqoslash mumkindir? Ayniqsa, jangovarligini...
- Balki... Lekin Pepe vaqt o‘tib, tajriba to‘plaganidan keyin shu shaklday o‘ynay boshladi. U tezligi pasayganini boshqa narsalar bilan qoplay boshladi. Keling, Husanov o‘zimizning husanov bo‘lib qolaversin!
- O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionati saralashidagi imkoniyatlari bo‘yicha nimalar deya olasiz?
-Ortiqcha gap yo‘q. Jahon chempionatiga chiqish uchun yarim qadam qoldi. Lekin bu juda og‘ir, murakkab va qiyin qadam bo‘ladi. Nima bo‘lganda ham, ana shu qadamni tashlash kerak. Buni uddalashimizga ishonaman.
Bior muammo chiqmasligiga umid qilaman. Lekin masalani birinchi o‘yindayoq hal qilgan ma’qul. Oldimizda Birlashgan Arab Amirliklari bilan safarda va Qatar bilan uyimizda o‘yinlar qoldi xolos. Agar Amirliklar maydonida durangga erishsak ham, mundialga chiqamiz.
- Balki BAA bilan o‘yinda O‘zbekiston o‘zining eng kuchli jihati – himoyaga urg‘u berib, darvozasi daxlsizligini saqlab qolishga e’tibor qaratishi kerakdir?
- Shunday desak ham bo‘ladi. Lekin himoyadan tezkor hujumga o‘tib o‘ynagan ma’qul.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatining oxirgi ikki o‘yinini iyun oyida o‘tkazadi. Futbolchilarimiz 5 iyun kuni BAAda mezbonlarga qarshi to‘p tepsa, 10 iyun kuni oxirgi uchrashuvda Toshkentda Qatarni qabul qiladi.
Fikrlar