
Husanovning transfer summasi adolatli bo‘lganiga qaramay, bizga alam qilgandi...
Belaruslik futbol mutaxassisi Vladimir Belyavskiy Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga transferiga munosabat bildirar ekan, legionerimizning ushbu mamlakatdagi faoliyatiga oid qiziqarli ma’lumotlarni ham aytib o‘tdi.
- “Energetik-BGU” va “Lans” o‘rtasida Abduqodir Husanov transferi bo‘yicha muzokaralar boshlandi. Oxir-oqibat frantsiyaliklar himoyachini 100 ming evroga transfer qiladigan bo‘ldi.
Umuman olib qaraganda, bu arzimagan pul, chunki hech kimga sir emaski, Belarus chempionatini hech kim top-ligalar qatoriga qo‘shmaydi. Garchi bu summa o‘sha paytda adolatli bo‘lganiga qaramay, bizga alam qilgandi.
Agar Vladimir Pigulevskiy tirik bo‘lganida tadbirkor inson sifatida bu shartnomaga qo‘shimcha yana nimalarnidir undirishi mumkin edi. Lekin uning o‘rniga kelgan odam umuman boshqa soha vakili edi va “Lans” bergan summa unga juda katta ko‘rindi. U tezda barcha hujjatlarga imzo chekdi.
Abduqodir Husanov Frantsiyada bor salohiyatini namoyish qilganidan keyingani unga Evropaning top-klublari qiziqa boshladi.
Odamlar ko‘r emas, Abduqodir Husanov “Energetik-BGU”da o‘ynay boshlaganida unga darrov e’tibor qaratishdi. Birinchilardan bo‘lib, Georgiy Kondratev Abduqodirni Belarus milliy terma jamoasiga jalb qilmoqchi bo‘lgandi va Husanovni O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan bog‘liqligini aniqlashga kirishdi.
O‘sha paytda rossiyaliklar ham paydo bo‘ldi. Biroq ular asosan kuzatuvchi rolini bajardi. Agar o‘yinchi ularga yoqsa, qandaydir sharoitlarni taklif qilish kerak. Ular qo‘llaydigan “futbolchini olamiz, agar o‘ynab ketsa, keyin kelishamiz”, degan usullarga hozir hech kim uchmaydi. Chunki keyin ularning birortasini topib bo‘lmaydi, - dedi Vladimir Belyavskiy.
Ta’kidlash joizki, Abduqodir Husanov futbolning ilk sir-asrorlarini “Bunyodkor” akademiyasida o‘rgangan. Keyinchalik Belarusga ko‘chib o‘tib, yoshi professional shartnoma tuzishga etmagani bois, “Energetik-BGU” safida shunchaki shug‘ullanib yurdi.
Keyin 2022-2023 yillar davomida ushbu mamlakat oliy ligada o‘ynab, o‘zini ko‘rsatdi. Hamyurtimiz “Energetik-BGU” safida jami 37 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga to‘rttadan gol va assist ham yozdirib qo‘ygan.
Abduqodir Husanov xorij klublari e’tiboriga asosan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi safida Osiyo kubogi va jahon chempionatlaridagi ishtiroki orqali tushdi. “Lans” 2023 yilning yozida hali hech kim tanimaydigan futbolchimizni 100 ming evro evaziga transfer qildi.
Bir yarim yilda bu transfer o‘zini mutlaq oqladi. “Manchester Siti” o‘ndan ziyod da’vogarlarni ortda qoldirish uchun “Lans” himoyachisini 50 million evroga transfer qilishga qaror qildi.
Abduqodir Husanov “shaharliklar” bilan 2029 yilning yozigacha davom etadigan shartnoma imzolagan. Tomonlarda o‘zaro kelishgan holda hamkorlikni yana bir yilga uzaytirish imkoni bor.
Fikrlar