Ian Garri Islom Maxachevga nega yutqazdi?
UFC sobiq chempioni Ti Jey Dillashou irlandiyalik Ian Garning chiqishini qattiq tanqid qildi.
"Meningcha, Ian g'alaba qozonishni emas, tirik qolishni o'yladi. Unga faqat bir narsa muhimdek tuyuldi — bosim ostida qolmaslik, yerga yiqilmaslik va sharmandali tarzda yutqazmaslik. U shunchaki jangni oxirigacha yetkazishni istadi, xolos. Aslida esa Garri ancha faolroq hujum qilishi kerak edi. Zarba sonini ko'paytirishi, Islomning elkalar ortiga chiqib harakatlanishi, uning oldida qotib turmasligi lozim edi. U butunlay boshqacha jang qilishi mumkin edi", — dedi Dillashou.
Shuningdek, Ti Jeyning fikricha, Garning mag'lubiyatiga asosiy sabab — ruhiy tayyorgarlik va fikrlash tarzi bo'lgan.
"Texnika jihatdan Ian yetarlicha kuchli. Lekin senga "qotil instinkti" bo'lishi shart. Oktagonga chiqqanda munosabat shunday bo'lishi kerak: "Sendan ustunman. Men yiqitilishdan himoyalandim, qiyin vaziyatdan chiqib ketdim, bunga juda ko'p kuch sarfladim, endi esa seni butunlay yo'q qilaman". Shu ruhda jang qilish kerak, yiqitilishdan qutulib olgach, orqaga chekinib, dam olish emas", — deya Dillashouning so'zlarini keltirdi "MMASucka" nashri.
Eslatib o'tamiz, 15 avgust kuni AQShning Filadelfiya shahrida bo'lib o'tgan jangda Ian Garri 49–46, 49–46, 48–47 hisobida Islom Maxachevga imkoniyatni boy berib qo'ydi.

Fikrlar