Ikkita supergol urgan Shomurodov “Oltin butsa”ni qo‘lga kirita oladimi?

  • 25.04.2026 00:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Turkiya chempionatining 31-turi “Istanbul Boshakshehir” va “Kasimpasha” jamoalari oʻrtasidagi uchrashuv bilan boshlandi.

Ayni paytda Superliga qizgʻin pallaga kirgan. “Galatasaroy” navbatdagi chempionligiga yaqinlashmoqda. Ikki jamoa – “Fenerbahche” va “Trabzonspor” qolgan turlarda peshqadamga yetib olishi juda mushkul, biroq bu ikki jamoa kumush medal taqdirini oʻzaro raqobatda hal qiladi.

“Beshiktosh” sovrinli oʻrinlarga daʼvogarlik qilolmaydi. Biroq Yevropa miqyosidagi musobaqalarga yoʻllanma beradigan toʻrtinchi oʻrinda mustahkam oʻrnashib olgan.

Turkiya chempionatida “Istanbul Boshakshehir” va “Gyoztepe” Yevrokublarga chiqish uchun kurashni davom ettirmoqda. Bu ikki klub kuchli toʻrtlikka kira olmaydi. Biroq kuchli toʻrtlik klublaridan qaysidir biri Turkiya kubogini qoʻlga kiritgan taqdirda, beshinchi oʻrin sohibiga Yevropa sari yoʻl ochiladi.

Shu bois Nuri Shahin shogirdlari har bir uchrashuvda gʻalaba uchun oʻynamoqda. “Kasimpasha” bilan boʻlgan bahsda ham istanbulliklar hujumkor oʻyin koʻrsatdi va beshinchi daqiqadayoq Eldor Shomurodov hisobni ochishga muvaffaq boʻldi. Birinchi boʻlimning oʻzida Bertug Yildirim ikkinchi golni ham urdi.

Oʻyinning ikkinchi yarmida Devi Zelke mavsumdagi toʻqqizinchi golini kiritdi. Oʻyin yakunlanishi arafasida yan Shomurodov oʻzini koʻrsatdi. Hamyurtimiz boshi bilan toʻpn darvozaga joylab, yakuniy hisobni taʼminladi – 4:0.

Oʻzbekistonlik hujumchi Superliga toʻpurarlari bahsida “Oltin butsa” uchun kurashmoqda. Hozircha bu reytingda 22 ta gol urgan “Trabzonspor” hujumchisi Pol Onuachu yetakchilik qilmoqda.

Eldor Shomurodov “Kasimpasha” darvozasiga kiritgan ikki toʻpi bilan gollari sonini 20 taga yetkazib oldi. Qolgan uchta turda oʻzbek hujumchisi nigeriyalik toʻpurarga yetib olishga harakat qiladi.

Biroq bu qiyin masala. Shomurodovning oʻzi individual yutuqlardan koʻra, jamoa muvaffaqiyatini ustun qoʻyishini bildirib, toʻpurarlik poygasiga u qadar jiddiy eʼtibor bermasligini aytgan edi.

Toʻpurarlar bahsida uchinchi oʻrinda borayotgan “Fenerbahche” forvardi Taliska ham yetakchilarni taʼqib etishni davom ettirmoqda. Braziliyalik yulduz hozircha raqiblar darvozasin 16 marta ishgʻol qilgan.

Pol Onuachu va Taliska jamoalari 26 va 27 aprel kunlari oʻtkazadi.

“Istanbul Boshakshehir” navbatdagi gʻalabadan keyin ochkolari sonini 51 taga yetkazib, beshinchi oʻrindagi pozitsiyasini mustahkamlab oldi. Nuri Shahin jamoasi keyingi tur oʻyinini 3 may kuni “Fenerbahche”ga qarshi raqib maydonida oʻtkazadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!