Ikrom Aliboev milliy terma jamoaga qayta chaqirilishi haqida fikr bildirdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Dubay shahrida navbatdagi oʻquv-mashgʻulot yigʻinlariga kirdi. Terma jamoaga qayta chaqirilgan Ikrom Aliboev OʻFAning rasmiy kanaliga bergan intervyusida chaqiruv va oldindagi rejalar haqida fikr bildirdi.
"Terma jamoaga chaqirilganimdan juda mamnunman. Har bir oʻzbek futbolchisi uchun milliy terma jamoa libosini kiyish katta sharaf. Koʻp yillik tanaffusdan soʻng qayta terma jamoaga qaytganimdan xursandman.
Ayni paytda mashgʻulotlar asosan jismoniy holatni yaxshilash hamda toʻp bilan oʻyinni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan. Mashgʻulotlar juda qiziqarli va yuqori surʼatda oʻtmoqda. Milliy jamoa bilan jahon chempionatiga borish eng katta orzularimdan biri", — dedi Aliboev.
Maʼlumot uchun, mazkur yigʻin 2026 yildagi FIFA Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish, milliy terma jamoa tarkibi uchun munosib zahira futbolchilarni shakllantirish hamda yosh oʻyinchilarga imkoniyat berish maqsadida tashkil etilmoqda.
Fikrlar