Indoneziya "Olimpiada-2032" uchun da’vogar

  • 09.11.2020 19:09
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Olimpizm

Prezident Joko Vidodo Vazirlar Mahkamasiga takliflarni muvofiqlashtirish qo‘mitasini shakllantirish va mamlakat salohiyatini targ‘ib qilish yuzasidan batafsil reja ishlab chiqish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi.

XOQ tomonidan saylovoldi tashviqoti hali rasman e’lon qilingani yo‘q. Tashkilot potentsial nomzodlardan hujjatlarni faqat 2023 yilda qabul qilishni boshlaydi, ammo o‘yinlar mezbonligiga da’vogarlar etarli. Yoz oyida qatarliklar o‘z qiziqishlarini bildirishgan edi. Yaqin Sharqdagi hamkasblarining faol harakati Indoneziya Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari Raju Sapta Oktoxarini qat’iy choralar ko‘rishga undadi. U XOQqa yozma bayonot berib, mamlakat rasmiylaridan Jakarta nomzodini ilgari surishda qo‘llab-quvvatlashini so‘radi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu murojaat e’tiborsiz qolmagan ko‘rinadi. Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo hukumat a’zolarini XOQga topshiriladigan arizani muhokama qilish uchun yig‘di.


– Mamlakatimiz 2018 yilgi Osiyo o‘yinlariga muvaffaqiyatli mezbonlik qildi. Bu Indoneziyaning dunyo miqyosida xalqaro sport tadbirlarini o‘tkazish uchun munosib joy ekanligiga ishonchni oshiradi, – dedi Joko Vidodo.

Jakarta Post xabariga ko‘ra, davlat rahbari byudjet va kontseptsiyani batafsil o‘rganish bilan shug‘ullanadigan, shuningdek, barcha kerakli tadqiqotlarni olib boradigan ariza komissiyasini tuzishga buyruq bergan. Uning asosiy vazifasi Indoneziya nomzodini raqiblariga nisbatan ijobiy ustunligini aniqlab olishdir.

Ikki yil muqaddam Osiyo o‘yinlari mamlakatning bir nechta shaharlarida bo‘lib o‘tgan edi, ammo poytaxt Jakarta musobaqaning asosiy mas’uliyatini zimmasiga olgani ma’lum. Indoneziya MOQ prezidenti Raja Sapta Oktoxari Olimpiya o‘yinlari mezbonligiga faqat Jakartani kiritish kerakligini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, muqobil kontseptsiya ham mavjud. U ham bo‘lsa, sport anjumanini davlatning amaldagi poytaxti va Sharqiy Kalimantan viloyatida barpo etilayotgan yangi poytaxt o‘rtasida taqsimlash.

Eslatib o‘tamiz, Indoneziya va Qatardan tashqari, Avstraliyaning Kvinslend shtati ham 2032 yilgi o‘yinlarga da’vogarlik qilmoqda. Biroq, pandemiya bois Yashil qit’a vakillari ariza berish jarayonini to‘xtatib turishga qaror qilishdi. Shimoliy Reyn-Vestfaliya mintaqasining 13 shahrida musobaqalar o‘tkazishni istagan Germaniya ushbu loyihaga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Shu paytgacha individual bayonotlar bilan cheklanib kelayotgan Turkiya ham poygaga qo‘shilishi mumkin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!