Infantino: “Agar kimdir 2 millionga final chiptasini sotib olsa, o‘zim unga xot-dog olib kelaman”
FIFA prezidenti Janni Infantino 2026-yilgi Jahon chempionati o‘yinlari chiptalari narxining tanqid qilinishiga hazil bilan munosabat berdi.
Avvalroq chiptalarning yangi toifasi joriy etilgani, ularning narxi 2300 dollargacha yetishi mumkinligi xabar qilingan edi.
“Agar kimdir ikki million dollarga final chiptasini sotib olsa, men unga shaxsan o‘zim xot-dog va kola olib kelaman, shunda u vaqtini yaxshi o‘tkazadi.
Biz bozorni hisobga olishimiz kerak, biz dunyodagi eng rivojlangan ko‘ngilochar bozorga ega mamlakatda ishlaymiz. Shuning uchun biz bozor narxlarini qo‘llashimiz kerak. Qo‘shma Shtatlarda chiptalarni qayta sotishga ham ruxsat berilgan. Shuning uchun, agar siz chiptalarni juda past narxda sotsangiz, bu chiptalar ancha yuqori narxda qayta sotiladi. Aslida, ba’zi odamlar bizning narxlarimiz yuqori deb da’vo qilishsa ham, bu chiptalar baribir qayta sotish bozorida yanada yuqori narxda, ikki baravar yuqori narxda sotiladi”, - dedi Infantino Beverli-Xillzdagi anjumanda.
FIFA prezidenti, shuningdek, guruh bosqichi chiptalarining 25 foizi 300 dollardan kam (254 yevro) turishini ta’kidladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, FIFA allaqachon chiptalar uchun 500 milliondan ortiq ariza olgan, avvalgi ikkita jahon chempionatida esa bu ko‘rsatkich 50 millionni tashkil etgan.
2026 yilgi jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi.

Fikrlar