Islom Ismoilov: "Bugungi raqibimiz jismoniy jihatdan juda kuchli edi. Bizning reja esa ..."

  • 05.11.2025 21:21
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov Paragvayga Jahon chempionatidagi ilk to‘qnashuvdan so‘ng o‘yin haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. 
 
"Albatta, og‘ir kechgan uchrashuvda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdik. Bunday turnirlarda birinchi navbatda hayajonni engish talab etiladi. Buning ustida ko‘plab ishlar olib borgan bo‘lsak ham bugungi bahsda futbolchilarda hayajon borligi sezilib turdi. Shuningdek, hisobdan kelib chiqqan holda, o‘yinni nazorat qildik deb ayta olaman. 2:0 hisobida g‘alaba qozonayotgan paytimizda himoyalanishni ham bildik. Bu, albatta, oldindan o‘ylangan reja edi. 
 
Futbolchilarga o‘yindan avval murabbiylar tomonidan aytilgan barcha ko‘rsatmalarga amal qilishgani uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bugungi raqibimiz jismoniy jihatdan juda kuchli edi. Shuning hisobiga biz o‘yinni taktik ya’ni tezlashtirishni reja qilgan edik, birinchi bo‘limda bu narsalar amalga oshdi. 
 
Bu - futbol. Turnir davomida 8 yoki 9 ta o‘yinlar bo‘lib o‘tdi. Ko‘ryapsizki, har bir uchrashuv emotsiyalarga boy o‘tmoqda va futbolchilar ham sariq hamda qizil kartochkalar bilan jazolanmoqda. Bu bo‘yicha o‘yindan avval futbolchilarga alohida gapirib o‘tgan edik. Eng muhimi - g‘alaba qozonish edi. Biz bugun muhim bo‘lgan g‘alabani qo‘lga kiritdik",
- deya ta’rif berib o‘tdi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!