
Islom Isoqjonov: Chempionlik uchun kurashyapmiz va oldimizda hali jiddiy yo‘l turibdi
“Navbahor” klubi Coca-Cola Superliganing 6-turida Bekobodda “Metallurg”ga qarshi maydonga tushdi va murosasiz kechgan bahsda mehmonlar ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritishdi.
Ushbu g‘alabada esa namanganliklarning iqtidorli o‘yinchilaridan biri – Islom Isoqjonovning ham hissasi katta bo‘ldi. U “Metallurg”ga qarshi bahsda “Navbahor”ning faol o‘yin ko‘rsatgan futbolchilari qatoridan joy oldi.
Bahs yakuniga etgach, Isoqjonov Sports.uz muxbiriga g‘alaba nimaning evaziga qo‘lga kiritilgani haqida gapirdi.
- Biz bir oila va bir jamoa bo‘lib harakat qildik. Muhimi, o‘yindan-o‘yinga o‘sishga erishyapmiz. Albatta, raqibni ham jiddiy o‘rganib chiqqandik. Natijada bugungi uchrashuvda “Metallurg”ning kuchli tomonlarini kuchsizlantirishga erishdik. Qolaversa, noxush an’anani ham buzdik. Eshitishimcha, Bekoboddagi oxirgi 10 ta o‘yinda “Navbahor” g‘alaba qozona olmagan ekan. Ushbu qora an’anaga chek qo‘ydik. Bugungi g‘alabamizni bizni uyda qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarimizga bag‘ishlaymiz.
E’tiborlisi, Isoqjonov o‘tgan yili aynan “Metallurg” sharafini himoya qilgandi. Endi bo‘lsa, “Navbahor”da to‘p surib, uning g‘alabalariga hissasini qo‘shib kelmoqda. Shu o‘rinda Islom sobiq jamoasi haqida ham fikrini quyidagicha bildirdi.
- To‘g‘risi, bu bahsga ham har bir uchrashuvga tayyorlangandek munosabatda bo‘ldik. Albatta, sobiq jamoadoshlarimga qarshi o‘ynash biroz qiyin bo‘ldi. Chunki bu klubda katta o‘sishga erishgandim. Mazkur o‘yinda har bir chiziqda ularga etarlicha qarshilik ko‘rsatdik va ustunlikka erishdik. Lekin shuni aytishim mumkinki, bugun sobiq jamoadoshlarim va yaqinlarimni ko‘rganimdan xursandman. Keyingi uchrashuvlarda “Metallurg”ga omad tilayman.
“Navbahor”ning kuchli o‘yin ko‘rsatishi o‘z navbatida chempionatimizdagi raqobatning ortishiga ham turtki beradi. Islom Isoqjonov esa klubining oldiga qo‘yilgan aniq maqsad va vazifalar xususida ham to‘xtaldi.
- Oldimizga uzoq kutilgan chempionlik hamda Osiyo Chempionlar ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan. Shu boisdan oldimizda juda jiddiy yo‘l turibdi. Shuni yaxshi tushungan holda jamoadoshlarimiz bilan bor kuchimizni ishga solib harakat qilyapmiz. Har bir o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Qolaversa, bizning bo‘shashishga haqqimiz ham yo‘q. Murabbiylarimizning ko‘rsatmalarini imkon qadar bajarishga harakat qilyapmiz.
Jamoa bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis imkon qadar “Navbahor”ni g‘alabalar sari etaklab borishga harakat qilmoqda. Uning o‘zbek murabbiylaridan farqli tomoni nimada? Bu haqida Isoqjonov o‘z fikrini shunday bayon etdi:
- Kanchelskisning ish uslubi o‘zgacha, u Evropa futbolini jamoamizga singdirishga harakat qilmoqda va buning uchun jamoaga bor kuchini bermoqda. Qolaversa, unga yordam berayotganlarning olib borayotgan ishlari ham tahsinga sazovor. Eng muhimi, Kanchelskis biz bilan aka-ukadek, ishga kelganda esa juda qattiqqo‘l va talabchan hisoblanadi. Har bir mutaxassisning ish uslubi bo‘ladi. O‘zbek murabbiylarining ham ishiga yuqori baho bergan bo‘lardim.
Fikrlar