Islombek Ismoilov: "Mashg‘ulotlarda yutqazgan jamoa 2 yoki 3 kun telefonsiz harakat qiladi" (matbuot anjumani)

  • 17.10.2025 17:30
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

Xabaringiz bor, joriy yilning 3–27 noyabr kunlari Qatar yashil maydonlarida 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi FIFA Jahon chempionati musobaqasi bo‘lib o‘tadi va unda O‘zbekiston U17 terma jamoasi Osiyo chempioni sifatida ishtirok etadi. Ushbu turnir oldidan O‘zbekiston U17 terma jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov boshchiligidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

"Avvalambor, Assalomu Alaykum. Musobaqaga tayyorgarlik jarayoni Osiyo kubogidan so‘ng barcha imkoniyatlarimizni ishga soldik. Nazarimda, yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik". 
 

Azizbek: "Jamoa 100 foiz tayyor deb o‘ylayman. Kayfiyat juda a’lo darajada". 
 
Jamoaning hujum chizig‘idagi asosiy yuk Asilbekka tushmoqda. Ushbu vaziyatni nima bilan baholaysiz? 
 
"Sersenbaev hozirgi kunda bizning og‘riqli nuqtamiz. U bizning asosiy futbolchimiz hisoblanadi. Shu sabab, qolganlarga ham imkon berdik. Lekin uning turnirga borish yoki bormasligi ma’lum emas. U albatta bizga yordam beradi. Xudo xohlasa, guruhdan chiqishga harakat qilamiz. Hujum markazida kim o‘ynashidan qat’iy nazar jamoaviy o‘ynashga intilamiz". 
 
Birinchi marta 48 ta jamoa ishtirok etmoqda. Turnirdagi asosiy vazifa nima? 
 
"Albatta, har bir jamoa musobaqadan avval yuqori marralarni qo‘yadi. Hozir 48 ta jamoa bor. O‘yinlar soni ko‘paygan. 17 yoshlilar finalgacha etib borish uchun qisqa vaqt ichida juda ko‘p o‘yin o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Lekin biz barbir barcha imkoniyatlarimizni ishga solib, yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqchimiz". 
 
Jahon chempionatida ishtirok etasizlar, O‘FA tomonidan qanday talablar qo‘yildi? 
 
"Biz uchun aniq chempionlik vazifasi belgilanmadi. Biroq, avvalgi natijalardan so‘ng yaxshiroq natija ko‘rsatishimiz kerak". 
 
Yoshlar hozirgi kunda ko‘plab emotsiyalarga beriladi, Osiyo kubogi finalida Saudiyaga qarshi biz buni kuzatdik. Bu masala bo‘yicha ish olib borilmoqdami? 
 
O‘zbekistonning asosiy muammosi hisoblangan penaltilar bo‘yicha ishlanmoqdami? 
 
"Bu narsa albatta mentalitet bilan bog‘liq. Biz qiziqqon xalqmiz. Lekin futbolchilarimiz bilan alohida ishlayapmiz. Har tomonlama o‘yinchilar bilan ish olib bormoqdamiz. Har bir mashg‘ulotda bu ustida ish olib borilmoqda. Musobaqadan avval yana tushuntiriladi. 
 
Osiyo chempionatida ham futbolchilar bilardi. Penaltini amalga oshirish mashg‘ulotda boshqa, o‘yinda boshqa narsa. Biz mashg‘ulotlarda penalti ustida ishladik va bir o‘yin o‘ylab topdik. Yutqazgan jamoa futbolchilari 2 yoki 3 kun telefonsiz yashaydi. Shuningdek, statistikalarga qarab chiqmoqdamiz. Qaysi nuqtada ko‘proq gollar bo‘lishi bo‘yicha izlanish olib bordik". 
 

Yangierlik darvozabon haqida savol. U terma jamoaga tortmasmidi? 
 
"O‘zbekistondagi har bir futbolchi biz uchun qadrli. Albatta, har birini jamoaga chaqirishni iloji yo‘q. Darvozabonlar murabbiyi bilan gaplashganimizda, unda albatta iqtidor borligi aytildi. Lekin hozirgi kunda u biroz mehnat qilishi kerak". 
 

Ikki o‘rtoqlik uchrashuvida asosan nimalarni ko‘rib oldingiz? 
 

"Ko‘rgan bo‘lsangiz, ikki uchrashuvda 2 xil taktikada harakat qildik. Birinchi bellashuvda maydon markazida 4 ta yarim himoyachini qo‘ydik. Ikkinchi bahsda esa 4 3 3 sxemasida o‘ynadik. O‘zimiz uchun kerakli jihatlarni bilib, kuzatdik". 
 

Milliy jamoada jismoniy muammo borligi ko‘rindi. Sizning jamoangizda bunday muammolar bormi? 
 
"Jismoniy holat zamonaviy futbolning asosiy nuqtasi hisoblanadi. O‘FA tomonidan tiklanish uchun barcha tayyorgarliklar berildi. Bu bo‘yicha murabbiylar ham ishlar amalga oshirilmoqda. Osiyo chempionatida ko‘rindiki, bizning jamoa o‘yindan-o‘yinga kuchayib bordi. Shuningdek, bu erda turli xil omillar bor. Masalan, yosh masalasi va organizmlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin". 
 
O‘rtoqlik uchrashuvidan ko‘nglingiz to‘ldimi? 
 
"Murabbiy sifatida ko‘nglim to‘lmadi. Sababi, har bir murabbiy jamoadan kuchli o‘yin kutadi". 
 

Jahon chempionatida terma jamoamizda yangi nomlar bo‘lishi mumkinmi? 
 
"Ha, albatta bo‘lishi mumkin". 
 
Irlandiya guruhdagi eng kuchli jamoalardan biri hisoblanadimi?

"Bizda albatta o‘ylab qo‘ygan rejalarimiz etarlicha. Lekin guruhdagi har bir jamoa o‘ziga yarasha kuchli. Shu sabab, hech bir o‘yin oson bo‘lmaydi. Shuningdek, Paragvay o‘z qit’asida Argentina va Chilini mag‘lub etgan. Panama esa jismoniy jihatdan kuchli hisoblanadi".

Turkiya bilan 2 marta durang o‘ynadik. Irlandiya va Paragvayni o‘rganib chiqdingizmi, Turkiya ularga qaraganda kuchsizmi yoki jamoa borini berib o‘ynadimi? 
  
"Jamoalarga qarshi o‘ynab ko‘rmaguncha baho berib bo‘lmaydi. Lekin ularni kuchsiz yoki kuchli deb ayta olmayman. Bundan tashqari, Turkiya borini berib o‘ynagani biz uchun yaxshi bo‘ldi". 
  

Sadriddin Hasanov Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchilar ro‘yxati kiritilgani va yakunda bu sovrini qo‘lga kiritmagani haqida fikringiz?
 

"Shaxsan o‘zim uchun, Sadriddinni bu sovrinni olmagani yaxshi bo‘ldi deb hisoblayman. Sababi, bunday sovrin Jahon chempionati oldidan futbolchiga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin. To‘g‘ri, u ushbu sovrin uchun haqli edi, biroq bunday katta e’tirof uning o‘yiniga ta’sir qilishi mumkin. Agarda bo‘lajak Mundialda o‘zini yaxshi ko‘rsata olsa keyin bu sovringa haqiqatdan ham loyiq ekanini isbotlagan bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘zimni shogirdim bu mukofotni qo‘lga kirita olmagani uchun biroz xafa bo‘lgandirman, ammo ushbu holat uning futbolchi sifatida yanada o‘sishiga sabab bo‘ladi deb hisoblayman". 
 

Azizbek siz tayanch yarim himoyasida o‘ynaysiz, futboldagi eng qadrlanmagan pozitsiya hisoblanadi. Bu haqida nima deysiz? 
 

"Yoshligimdan boshlab o‘rtada o‘ynashni yaxshi ko‘raman. Terma jamoaga kelganimda ham bu men uchun yaxshi bo‘ldi". 
 
Hujumlar tashkil etib, gollar urishni xohlamayapsizmi? 
 
Islombek Ismoilov: O‘zi shu kunlarda ham oldinga juda ko‘p chiqmoqda (kuladi). 
 
Eshitishim bo‘yicha futbolchilarga qattiqqo‘llik qilar ekansiz? 
 

"Albatta, ba’zida futbolchilarga qattiqqo‘llik qilish kerak. Ayniqsa, hozirgi yoshlarga. Sababi, ular juda qiziqqon hisoblanadi. Lekin ko‘p ham bu holat yuz bermaydi". 
 

Mahalliy murabbiylar chet ellik murabbiylardan taktika bo‘yicha ko‘p narsani o‘rganishi kerak, deb aytgan edingiz. Sizda bunday muammolar bormi? 
 

"Umuman bilim tomonlama o‘rganishga majburmiz. Shu bois, har doim o‘rganishga harakat qilamiz. Taktik tomonlama esa ideal murabbiyman deb ayta olmayman". 
 

Jahon chempionatidagi potentsialimiz? 
 
"Albatta, niyat qilganmiz - bir kun kelib O‘zbekiston terma jamoamiz bilan chempion bo‘lamiz", - deya ta’rif berib o‘tdi Islombek Ismoilov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!