Ispaniya La Ligasida to‘p surgan futbolchini Andijonda kutishyapti...

  • 14 may, 2021, 22:10
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Musobaqa jadvalida 4 ochko bilan 12-o‘rinni egallab turgan “Andijon” anchadan beri muxlislarini xursand qila olmayapti. Ko‘rinib turibdiki, tarkib mahoratli ijrochilarga muhtoj. Birinchi davra tugaganidan keyin selektsiyada yana yaxshigina o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Bu borada allaqachon ishlar boshlab yuborilgan.

Yaqinda “Andijon” klubi rahbari Jur’atbek Quvvatov sports.uz muxbiriga bergan intervyusida ikkinchi davra uchun jamoaga xorijlik yaxshi saviyadagi legionerlar ham taklif qilinishi haqida gapirgani yodimizda. Yaqinda o‘zi bilan uchrashganimizda bizga bir qator xorijlik o‘yinchilar bilan muzokaralar olib borilayotgani haqida ma’lumot bergandi. O‘shanda legionerlar bilan hali yakuniy kelishuvga erishilmagan, muzokaralar dastlabki bosqichda edi. Vaziyat shunday davom etyaptiki, ikkinchi davrada andijonliklar safida albatta yangi legionerlar paydo bo‘ladi.

Sports.uz ma’lumotiga ko‘ra, klubning ko‘z ostiga olib qo‘ygan legionerlardan biri bilan deyarli kelishuvga erishilgani ma’lum bo‘ldi. Sports.uz muxbiri bu borada “Andijon” klubi rahbari Jur’atbek Quvvatov bilan bog‘langanida chindan ham bu xabarni tasdiqladi. Uning ma’lum qilishicha, ispaniyalik 31 yoshli yarim himoyachi Toni Dovale birinchi davradan keyin “Andijon” safiga qo‘shiladi.

dovale1

Ushbu futbolchi haqida o‘quvchilarga ma’lumot berib o‘tsak. Uning to‘liq ism-familiyasi Antonio Rodriges Dovale, u 1990 yilning 4 aprel kuni Ispaniyaning La Korunya shahrida tug‘ilgan. Barselonadagi futbol akademiyasida tahsil olgan. Futbolchilik faoliyatida qaysi klublarda to‘p surgan? Dastlab Ispaniyaning “Selta” klubini aytish mumkin. Dovale vigoliklar jamoasida bir necha mavsumni o‘tkazgan. Avvaliga Ispaniya segundasida so‘ng, La Ligada “Selta” sharafini himoya qildi. Umumiy hisobda Toni Vigoda etti mavsumni o‘tkazgani ham e’tiborga molik. Darvoqe, futbolchi bu vaqt ichida ma’lum vaqt “Ueska” jamoasida ham o‘ynadi. Keyin esa uni AQShga chorlashadi va MLS chempionatida Kanzasning “Sporting” jamoasi sharafini himoya qildi. Bu 2014 yilgi mavsumga to‘g‘ri keladi.

dovale2

Keyin Toni Ispaniyaga qaytib “Lugo” jamoasidan qo‘nim topdi. U bir mavsum o‘ynagach, “Leganes”dan tushgan taklifni qabul qildi. Dovale avvaliga ushbu jamoa bilan segundada to‘p surdi. Oradan bir yil o‘tib “Leganes” bilan La Liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. 2016-2017 yilgi chempionatni aynan Ispaniya La Ligasida o‘tkazdi. Uning keyingi klubi esa siz bilan bizga yaxshi tanish bo‘lgan “Rayo Valekano” bo‘ldi.

Keyinchalik ispaniyalik legionerning manzili Osiyo tomonga o‘zgardi. U o‘z omadini Hindistonning “Bengaluru” jamoasida sinab ko‘rishga rozilik bildiradi. Hind chempionatida bir yilni o‘tkazgach, Toni Dovale Kiprning “Salamis” klubiga ko‘chib o‘tdi. Oradan ko‘p o‘tmasdan ispaniyalik yarim himoyachi yana Hindiston Superligasiga qaytdi. Bu safar “Ist Bengal” klubida to‘p surishga rozilik bildirdi. Futbolchi shundan keyin Tailandning “Naviy” jamoasiga o‘tdi. Bungacha esa ushbu o‘yinchi Ispaniyada, aniqrog‘i, Andalusiyaning “El Ejido” jamoasi sharafini himoya qilib kelayotgandi.

dovale5

Xullas, Dovalening shu kungacha bosib o‘tgan yo‘li bilan sizlarni qisqacha tanishtirdik. Endi katta ehtimol bilan Toni O‘zbekiston chempionatida to‘p suradi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, “Andijon” klubi rahbari ispaniyalik tajribali o‘yinchi bilan deyarli kelishuvga erishganini ma’lum qildi.

Biz esa vaziyatga yanada oydinlik kiritish maqsadida futbolchining agenti – Kova Tilavpur bilan ham aloqaga chiqdik. Darhaqiqat, ushbu agent mijozining “Andijon”ga o‘tayotganini tasdiqlagan holda sports.uz uchun quyidagilarni aytdi:

dovale6

- Toni Ispaniyaning La Korunya shahrida tug‘ilgan. U shaharning shimoli-g‘arbida dunyoga kelgan. O‘zining futboldagi ilk qadamlarini Barselona shahridagi futbol akademiyasida tashlagan. Biz ikki yildan beri o‘zaro hamkorlik qilib kelyapmiz. Uning qanday o‘yinchiligini mashg‘ulot va o‘yinlar chog‘idagi xatti-harakatlarini kuzatadigan bo‘lsangiz hammasiga o‘zingiz amin bo‘lasiz. Ayniqsa, uning chap oyoqda to‘pga beradigan zarbalari juda kuchli. U bir qancha taniqli klublarda ham o‘ynagan.

“Andijon” futbol klubi unga juda yaxshi taklif bilan chiqdi. O‘z navbatida mijozim omadini Markaziy Osiyodagi kuchli ligalardan biri sanaladigan O‘zbekiston chempionatida sinab ko‘rishga qaror qildi. Aytishim joizki, bizning muzokaralarimiz hozir ham davom etyapti. Umid qilamanki, Toni “Andijon”da albatta o‘zini ko‘rsatadigan darajada o‘ynashga kirishadi va yaxshi natijalarni qayd eta olishiga ishonaman, - deya javob berdi, Toni Dovalening agenti.  

dovale7

Ko‘rib turganingizdek, ikkinchi davrada “Andijon” safida ilk ispaniyalik futbolchi to‘p surishga yaqin turibdi. Bundan tashqari, klub yana boshqa xorijlik o‘yinchilar bilan ham muzokaralarni davom ettiryapti. Bundan maqsad, tarkibni va jamoa o‘yinini kuchaytirishdan iborat.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Abbos Axmedov
15/05/2021 00:54
Бу испанялик фудболчи бир дунёни курай кегин Онамниям кўраман деб қўйган шекили ўзига ўзи
&
Abdushukurov O
14/05/2021 22:59
"Bizni kolxozda ham kutishyabdi, tekinga ishchi kerak..."